Samarqand shahrida “Shirin” ishbilarmonlik markazi va turar joy kompleksini barpo etishga qaratilgan davlat rahbari qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2023−2030 yillarda mazkur shaharchani qurish hamda uning direksiyasini tashkil etish belgilanmoqda.

Samarqand shahri hokimligi hamda “Agrobank"ning 100 mlrd so‘m krediti hamda unga hisoblangan foizlari amaldagi shartnoma shartlari asosida bir yil imtiyozli davr bilan uch yil muddatga direksiyaga qayta rasmiylashtiriladi.

Mazkur “Shirin” massivi hududida buzilayotgan turar va noturar joylarning kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish maqsadida ajratilgan.

Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondining hokimlik mablag‘lari hisobidan 3 yil muddatga 150 mlrd so‘m foizsiz qarz ajratiladi.

Mablag‘lar jismoniy va yuridik shaxlarga yetkazilgaz zararlarni qoplashga, shaharcha uchun zarur infratuzilmalarni barpo etish hamda ijtimoiy soha binolarini qurishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, pul oqimlaridagi vaqtinchalik uzilishlarni qoplashga hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirishga “O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank” hamda “Asakabank” tomonidan jami $100 mln ekvivalentida milliy valyutada 7 yilga revolver kreditlar ajratiladi.

Bunda foiz stavkaning Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq asosiy stavkaning 50%idan ko‘p bo‘lmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quuvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

2024-yilning 1-apreligacha avtomobil yo‘llari, ichimlik va oqova suv ta’minoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda aloqa tarmoqlarini qurishga xalqaro institutlar kreditlari va DXSh asosida investorlar mablag‘lari jalb qilinadi.

Bundan tashqari, hujjatda shaharcha barpo etilishi belgilangan 665,15 gektar yer maydonining jami 84,8 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini aholi punktlarining yerlari toifasiga o‘tkazish belgilanmoqda.

Samarqand shahridagi “Qorasuv” massivi hamda Samarqand tumanidagi “Qorasuv” mahalla hududidan o‘tuvchi “Samarqand-Buxor-Turkmanboshi” M-37 avtomobil yo‘li hamda M-37a Samarqand xalqa yo‘lini tutashtiruvchi ikkinchi toifali avtomobil yo‘li quriladi.

2026-yilning 1-iyuligacha direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar hamda ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod etiladi.

2022-yilning oktabrida Samarqanddagi tashkilotlar shahar tashqarisiga ko‘chirilishi ma’lum qilingandi.

Unga ko‘ra, shaharda 178 ta davlat tashkiloti joylashgan bo‘lib, dastlab 42 ta tashkilot shahar tashqarisiga ko‘chirilishi belgilangan.

Joriy yilning iyun oyida prezident Shirin massivining loyiha rejasi bilan tanishdi. Massivda ko‘p qavatli uylar, maktab va bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar bo‘lishi belgilangan.