Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida “Shirin” massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur mahalla xalqaro aeroport yaqinida, Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan. Bu hududda yangi massiv qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 389 gektar yer ajratilgan.

Massivda ko‘p qavatli uylar, maktab va bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar bo‘lishi belgilangan.

“Yirik biznes va savdo majmualari iqtisodiyot rivojiga, ish o‘rinlari ko‘payishiga qo‘shimcha impuls beradi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, massivni shahar bilan bog‘lovchi ko‘prik va yo‘llar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi.

Davlat rahbari loyihani yetakchi shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq Samarqanddagi tashkilotlar shahar tashqarisiga ko‘chirilishi ma’lum qilingandi.

Unga ko‘ra, shaharda 178 ta davlat tashkiloti joylashgan bo‘lib, dastlab 42 ta tashkilot shahar tashqarisiga ko‘chirilishi belgilangan.