Joriy yilning 28-iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek hamda Yashnobod tumanlaridagi ayrim hududlarda gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, Sergeli tumanidagi “Eshonbuloq”, “Sadoqat” hamda “Xonobod” MFYlarning ayrim ko‘chalaridagi 1322 ta xonadon va 24 ta korxonaga, Bektemir tumanidagi 3 ta ko‘p qavatli uyning 60 ta xonadoni hamda 6 ta ulgurji istemolchilariga soat 11:00 dan 16:00 gacha gaz yetkazib berilmaydi.

Bunga Sergeli tumanining “Eshonbuloq” MFY, “Xonobod” ko‘chasida ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab ekanligi ta’kidlanmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumanining “Geofizika”, “Alisherobod”, “Chingeldi”, “Do‘stlik”, “Taraqqiyot”, “Barkamol”, “Bog‘ishamol” va “Vatanparvar” MFYlaridagi 5715 ta xonadon va ko‘p qavatli uylar hamda Yashnobod tumanining “Jarboshi” va “Tashisti” MFYlar hududidagi jami 959 ta xonadon va 321 ta maishiy istemolchilarga gaz yetkazib berish soat 10:00 dan 18:00 gacha to‘xtatiladi.

Kompaniya Mirzo Ulug‘bek tumanidan Yashnobod tumanining “Jarboshi” MFY hududi, “Cho‘lpon” ko‘chasida ta’mirlash ishlari olib borilishini ma’lum qilgan.

27-iyul kuni Olmazor hamda Yangihayot tumanining ayrim mahallalarida gaz o‘chirilgandi.