Joriy yilning birinchi yarmida aholiga jami 7 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgandi.

Markaziy bank birinchi yarim yillik bo‘yicha ipoteka kreditlariga oid shahrni taqdim etdi.

Yanvar-iyun oylarida “Yangi tartib” doirasida 3,2 trln so‘m, banklarning o‘z imkoniyatlari hisobidan 2,03 trln so‘m hamda O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan 1,08 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.

Tahlillar aholi tomonidan yuqori miqdordagi ipoteka kreditlariga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, o‘tgan davrda aholiga ajratilgan 300−400 mln so‘m oralig‘idagi ipoteka keditlari 2022-yilning birinchi yarmiga nisbatan 10,9%ga oshgan. Bu ko‘rsatkich 400 mln so‘mdan yuqori miqdordagi ipoteka kreditlar uchun 8%ni tashkil etadi.

Shuningdek, 200 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda 9,2%ga, 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda esa 9,9%ga kamaygan.

Hududlar bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan eng ko‘p Toshkentda ajratilgan — 381 mlrd so‘m (19%).

Bundan tashqari Toshkentda 191 mlrd so‘m (46%), Navoiyda 172 mlrd so‘m (49%) hamda Qoraqalpog‘istonda 99 mlrd so‘m (50%) ko‘p miqdorda ipoteka kreditlari ajratilgan.

Biroq, ko‘rsatkich Surxondaryoda 163 mlrd so‘mga (35%), Namanganda 129 mlrd so‘mga (31%), Farg‘onada 112 mlrd so‘mga (19%) kamaygan.

Yanvar-iyun oylarida “Yangi tartib” doirasida aholiga (14 582 ta) ajratilgan ipoteka kreditlarining 1,8 trln so‘mi (55%i) 1 va 2 xonali kvartiraga, 1 trln so‘mi esa (32%i) 3 va undan ko‘p xonali kvartiralarga hamda 430,4 mlrd so‘mi (13%i) yakka tartibdagi uy-joylar qurilishiga yo‘naltirilgan.

Dastlabki davrda tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan 8 323 ta fuqaroga ajratilgan (2,03 trln so‘m) kreditlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,5 barobarga (649,6 mlrd. so‘mga) o‘sgan.

Ipoteka kreditlarining qoldig‘i Milliy bankda 1,5 trln so‘mni (jami o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari qoldig‘ining 13,6%) Qishloq qurilish bankda 1,4 trln so‘mni (12,9%), Xalq bankida 1,4 trln so‘mni (12,9%) tashkil etgan.

Xususiy banklardan Invest finans bankda 1,1 trln so‘m (10,5%), Oriyent finans bankda 895,5 mlrd so‘m (8,3%) va Kapitalbankda 274,4 mlrd so‘mga (2,6%) teng bo‘lib, natijada davlat ulushi mavjud tijorat banklaridan yuqori hissaga ega bo‘ldi.

Endilikda banklar rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ham ipoteka kreditlarini ajratmoqda. Bu bo‘yicha aprel oyida prezident farmoni imzolandi.

Joriy yilning 1-mayidan ipoteka kreditiga subsidiyalarni onlayn olish imkoniyati yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin.