Markaziy bank joriy yilning olti oyi davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, yilning birinchi yarmida jami 7 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.

2022-yilning olti oyida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 3,6 trln so‘mni tashkil etgandi.

Xususan, 2,03 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar banklarning o‘z hisobidan, 3,9 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan.

Qolgan 1,08 trln so‘mi O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

O‘tgan davrda ipoteka krediti oluvchilar soni 31 699 taga yetgan. Shundan 71%i 31−50 yoshdagi aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida 2,3 trln so‘m kredit hajmi bilan Toshkent yetakchilik qilmoqda.

Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent (601,8 mlrd so‘m) hamda Navoiy (521,4 mlrd so‘m) viloyatlari turibdi.

Shuningdek, kreditlarning 57%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 43%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga ajratilgan.

Bu davrda 11 386 ta xotin-qizga 2,4 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lib, ularning ulushi 36%ni tashkil etadi.

Joriy yilning birinchi choragida aholiga 3,3 trln so‘m ipoteka krediti ajratilgandi.