Mart oyida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 1,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarda keltirilgan.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida 1,9 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgandi. Natijada birinchi chorakda bu ko‘rsatkich jami 3,3 trln so‘mni tashkil etgan.

Xususan, 1,1 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar banklarning o‘z hisobidan, 1,6 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan.

Qolgan 521,6 mlrd so‘mi O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

O‘tgan davrda ipoteka krediti oluvchilar soni 15 111 taga yetgan. Shundan 70%i 31−50 yoshdagi aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.

ipoteka krediti, markaziy bank

Hududlar kesimida Toshkent yetakchi bo‘lib, uch oyda hududda 1 trln so‘m ipoteka krediti ajratilgan.

Undan keyingi yetakchilikni Toshkent (292,7 mlrd so‘m) hamda Navoiy (242,3 mlrd so‘m) viloyatlari egallagan.

Shuningdek, aholiga ajratilgan kreditlarning 66%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 34%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga sarflangan.

Bu davrda ipoteka kreditini olgan xotin-qizlar soni 5 593 tani tashkil etib, jami kreditlarning 37%i — qariyb 1,2 mlrd so‘mi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

2022-yil davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 14,4 trln so‘mni tashkil etgandi.

Avvalroq prezidentning “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolangani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ham ajratishga ruxsat etildi. Shuningdek, ushbu ipoteka kreditini olishda dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega bo‘ladi.