Markaziy bank 2022-yil davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlariga oid statistikani taqdim etdi.

Unga ko‘ra, mazkur davrda 70 913 nafar fuqaroga 14,4 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, noyabr oyiga nisbatan bu ko‘rsatkich 1,7 trln so‘mga oshgan.

Xususan, 3,7 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ banklarning o‘z hisobidan ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davrida 867,1 mlrd so‘mni tashkil etgandi.

Bundan tashqari, 10,4 trln so‘m asosiy pul miqdori Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan. Qolgan 167 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Hududlar kesimida kredit oluvchilarning eng ko‘p ulushi 14 152 nafar fuqaro bilan Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda poytaxt aholisiga 4,3 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan.

ipoteka krediti, markaziy bank

Mazkur davrda Samarqand hamda Farg‘onada ajratilgan ipoteka kreditlari mos ravishda 1,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Qolaversa, Andijonga ajratilgan ipoteka krediti miqdori 1 trln so‘mdan oshdi. Endilikda 919 mlrd so‘m bilan Navoiy viloyati ham 1 trln so‘mlik ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda.

Sirdaryo viloyati bir oyda 36 mlrd so‘m o‘sish bilan ajratilgan ipoteka kreditlari hajmini 324 mlrd so‘mga yetkazdi. Shu bilan birga, eng kam ko‘rsatkich pozitsiyasini saqlab qolmoqda.

Shuningdek, aholiga ajratilgan kreditlarning 75%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 25%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga sarflangan.

Kreditlarning asosiy qismi ya’ni 70%i 31−50 yosh oralig‘idagi aholiga to‘g‘ri keladi, bu davrda ularning umumiy soni 49 630 nafarga yetgan. 18−30 yosh oralig‘ida kredit olgan yoshlar soni esa 14 551 nafarni tashkil etadi.

Bu davrda ipoteka kreditini olgan xotin-qizlar soni 28 665 tani tashkil etib, jami kreditlarning 40%i — 5,2 trln so‘mi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq, PMTI ekspertlari dekabr oyida Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qilgandi.