Ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy bank nomidan “Telegram"da soxta kanallar ochilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Regulyator bu bo‘yicha munosabat bildirdi.
Kanal egalari o‘zlarini Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirib, aholining ishonchiga kirib, ularga onlayn kreditlar taklif etish orqali bank karta ma’lumotlariga ega bo‘lish va keyinchalik mablag‘larni o‘zlashtirishga harakat qilayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Markaziy bank tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydi, hamda jismoniy shaxslarga kredit ajratmaydi yoki moliyaviy yordam ko‘rsatmaydi.
Regulyator nomidan har qanday ko‘rinishdagi kredit, moliyaviy yordam yoki boshqa turdagi bank xizmatini taklif etish soxtalik va firibgarlikning asosiy belgisi ekanligi ta’kidlanmoqda.
Markaziy bankning yagona rasmiy “Telegram” kanali ushbu havolada keltirilgan bo‘lib, undan foydalanish tavsiya etilmoqdi.
Shuningdek, bank karta ma’lumotlari va ayniqsa, tijorat banklarining uyali telefonga yuboriladigan SMS xabarini begona shaxslarga oshkor qilish firibgarlarga masofadan turib kartadagi mablag‘larni o‘zlashtirish uchun sharoit yaratishi to‘g‘risida ogohlantiradi regulyator.
Firibgarlik yoki soxta kanallar faoliyati haqida xabarlarni Markaziy bankning ishonch telefonlari (71−200−00−44, 71−212−62−05) orqali bildirish mumkin.
Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov “Telegram” kanalida firibgarlik holatlari haqida xabar bergandi.
Markaziy bank nomidan “Telegram"da ochilgan “Markaziy_Banki_uz” soxta kanali mavjudligi qayd etilgan.
Iqtisodchi ham bu kabi xabar va foydalanuvchilarga Markaziy bankning hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.
Aprel oyida ham Markaziy bank regulyator nomidan tarqatilayotgan xabarlarga ishonib qolmaslikka chaqirgandi.