Markaziy bankning ma’lum qilishicha, fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan murojaat qilishmoqda.

Gap shundaki, “Markaziy Bank Uzbekistan” nomli foydalanuvchi tomonidan fuqarolarga kartadagi mablag‘larning firibgarlik yo‘li bilan yechilishining oldini olish uchun karta tranzaksiyalarini bekor qilish bo‘yicha Telegram-botga kirish lozimligi haqida xabar tarqatilgan.

Natijada fuqarolar mazkur xabar hamda Telegram-botning haqiqatdan ham Markaziy bankka tegishli ekanligiga aniqlik kiritishni so‘rab murojaat qilishgan.

Regulyatorning qayd etishicha, mazkur xabar va botning Markaziy bankka hech qanday aloqasi yo‘q.

Fuqarolardan mazkur xabarlarga e’tibor bermaslik va hech qanday havolaga kirmaslik so‘raladi. Shuningdek, faqat rasmiy manbalarga tayanish zarur.

Shu bilan birga, “Telegram” akkauntni begonalardan asrash uchun ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish zarur.

“Spot” onlayn firibgarlik holatlariga oid ma’lumotlar hamda ularni rasmiy xabarlardan qanday ajratish mumkinligi bo‘yicha ma’lumotlarni jamlab, eng keng tarqalgan beshta turga to‘xtalgandi.

Shuningdek, onlayn firibgarlik turlari va undan qanday himoyalanish bo‘yicha videoqo‘llanmani ham taqdim etgandi.