Amira Askarova 1995-yilda tavallud topgan. 2020-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bakalavr, 2022-yil esa Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti magistratura bosqichini tugatgan.

Amira 2022-yil Jorj Vashington universitetining 60% grantini hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasini qo‘lga kiritadi. Hozirda mazkur universitetning “Oliy ta’lim boshqaruvi” yo‘nalishida tahsil olmoqda.


“Aslida AQSh emas, Koreyani tanlagandim”

Bolaligimdan chet elda ta’lim olish istagi kuchli bo‘lgan. Shu sabab ham bakalavr bosqichini tugatayotganimda magistraturani xorijda davom ettirmoqchi bo‘lganman. Lekin u paytda men AQSh emas balki Koreyaga ketishni reja qilgandim, negaki ushbu mamlakat madaniyati va tabiati ko‘nglimga yaqin edi.

Lekin 2020-yilda Koronavirus pandemiyasi boshlanganligi sabab hujjatlarimni tayyorlay olmaganman va chet el universitetlari ham xorijlik talabalarni qabul qilmay qo‘ygandi. Shuning uchun Jahon tillari universiteti bakalavr bosqichini tugatgach, magistraturada ta’lim olish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga topshirganman.

U yerda o‘qib yurib esa Toshkent shahridagi Inha universitetining “Talabalar bilan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlash” va “Akademik boshqaruv” bo‘limlarida bosh mutaxassis sifatida 2 yil davomida faoliyat yuritganman.

O‘sha paytlar Amerikaga borish xayolimning bir chekkasiga ham kelmagan va bu imkonsiz tuyulardi. Birinchidan, AQSh universitetlari meni o‘qishga qabul qilmaydi chunki bilimim kamlik qiladi deb o‘ylardim. Ikkinchidan, o‘qishga qabul qilinganda ham kontrakt summasini to‘lay olmasligimni bilardim.

Oradan vaqt o‘tib, hamkasblarimning “El-yurt umidi” stipendiyasini qo‘lga kiritib, chet elga ta’lim olishga ketganliklarini ko‘rib qattiq havas qildim. Shunda o‘zimni sinab ko‘rish istagida hujjatlarimni Jorj Vashington va Pensilvaniya universitetlariga topshirdim.

Natijada meni ikkala universitetga ham qabul qilishdi. Birinchi universitetdan $32000, ikkinchisidan esa $15000 miqdorida stipendiya qo‘lga kiritdim. Men Jorj Vashington universitetini tanladim.

amerika, aqsh, ta'lim, usa, xorijda ta'lim

Foto: DCist

Hujjat topshirish jarayoni

Jorj Vashington universitetiga 2022-yil kuzgi semestr uchun yanvar oyida topshirganman. Aslida qabul oktyabr oyida boshlangandi.

Ammo barcha universitetlarda ham shu paytda qabul bo‘ladi deb ayta olmayman, chunki har bir universitetning qabul jarayoni vaqtlari turlicha. Kerakli ma’lumotlarni har bir universitetning rasmiy saytidan bilib olish mumkin.

Universitetga hujjat topshirayotganimda so‘ralgan hujjatlardan biri bu bakalavr bosqichini tamomlaganimni tasdiqlovchi diplom, til bilish va GRE sertifikatlari, motivatsion insho va 2 ta tavsiyanoma.

Diplomim va undagi baholarimni AQShdagi universitetlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilishmagan, chunki O‘zbekiston ta’lim tizimidagi baholar hisoblash sitemasi tubdan farq qilardi. Shu sabab diplomim va uning ilovasini AQShdagi “The National Association of Credential Evaluation Services”, ya’ni bir davlatda olingan ilmiy va kasbiy darajalarni boshqa davlatda olingan baholar va darajalar bilan taqqoslab hisoblab beradigan xizmatlar milliy assotsiatsiyasiga yuborganman.

Ushbu tashkilot baholarimni 100 ballik sistemadan 4 ballik GPA sistemaga o‘zgartirib universitetimga jo‘natib berishgan. Amerika sistemasi bilan hisoblaganda umumiy ballim GPA 4 dan 3.6 chiqqan, shuning uchun mendan GRE sertifikatini so‘rashmagan.

Til bilish sertifikatlaridan IELTS sertifikatini topshirganman. Yana bir zarur hujjatlardan biri bu motivatsion insho, unda chet elda ta’lim olishdan maqsad, nega aynan shu yo‘nalishni tanladingiz, kelajakdagi rejalaringiz qanday kabi savollarga javob berish kerak bo‘ladi.

Men uni yozib bo‘lganimdan so‘ng esa, bir necha do‘stlarimga va o‘qituvchilarimga ko‘rsatib, ulardan yordam olganman. Tavsiyanomaga keladigan bo‘lsak, ularni sizni bilgan insonlardan olganingiz yaxshi. Shaxsan men bakalavr bosqichida dars bergan o‘qituvchimdan va ish joyimdagi boshlig‘imdan olganman.

amerika, aqsh, ta'lim, usa, xorijda ta'lim

Foto: Amira Askarovaning shaxsiy arxividan

“El-yurt umidi” jamg‘armasi haqida

Jamg‘arma tanlovida ishtirok etishingiz uchun siz birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarosi va Top-300 talik universitetlar qatoriga kiruvchi universitetlardan biriga o‘qishga qabul qilingan bo‘lish kerak.

Shundan keyin esa siz jamg‘arma tanlovida ishtirok etish uchun uning veb-saytidan ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Jamg‘armada barcha darajalar — bakalavr, magistratura va doktorantura uchun ham hujjat topshirish mumkin.


“El-yurt umidi” jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, u stipendiatlarning o‘qitish qiymati to‘lovi, viza olish, transport vositalari (ikki tomonga, ko‘pi bilan yiliga bir marta), xorijiy mamlakatda yashash, ovqatlanish va transport, zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish, tibbiy sug‘urta kabi xarajatlarini qoplaydi.


Stipendiyaga hujjat topshirishda eng asosiy narsalardan biri xorijda o‘qishdan ko‘zlangan maqsadlarni yoritib beruvchi motivatsion insho hisoblanadi. Uni yaxshi yoza olganlar keyingi bosqichga, ya’ni suhbatga o‘tishi mumkin. Shaxsan o‘zimda suhbat paytida yozgan insholarimga qarab savollar berishgandi.

Insho va suhbat o‘zbek tilida bo‘ladi. Va xorijga ketayotgan tanlov g‘olibidan ham o‘zbek tilini yaxshi bilishi talab qilinadi.

Avvallari tanlovga qatnashish uchun ikki yillik ish tajribasi talab qilinardi, lekin hozir ta’lim yo‘nalishiga topshiradigan bo‘lsangiz sizdan bu narsa talab qilinmaydi — qaytib kelgandan keyin ta’lim muassasalarida ishlab berish kerak bo‘ladi.

Hozir imtihonga test bosqichi qo‘shildi deganni ham eshityapman. Jamg‘armaga hujjat topshirish va imtihon jarayoni bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Shuni alohida aytib o‘tishim kerakki, jamg‘armaga topshiradiganlar o‘z yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashi kerak. Chunki bakalavrda noto‘g‘ri yo‘nalishga topshirib qo‘yib, biroz o‘qiganidan keyin o‘zgartirmoqchi bo‘lganlarni ham ko‘rganman. Ammo bu imkonsiz — har bir yo‘nalish uchun belgilangan kvota ajratilgan bo‘lib, ortiqcha odam ola olmaydi.

amerika, aqsh, ta'lim, usa, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Amerikaga yo‘l

Viza olish jarayoni. F-1 visa AQSh universitetlariga qabul qilingan xalqaro talabalarga beriladigan viza turi hisoblanadi. F-1 vizasini olish uchun universitet tomonidan I-20 formasi olinadi. Buning uchun esa SEVIS I-901 to‘lovini amalga oshirishi kerak bo‘ladi. SEVIS bu talaba va tajriba almashinuv dasturi ishtirokchilari ma’lumoti tizimi hisoblanadi.

I-20 formada o‘qishingizni qanday qoplashingiz ko‘rsatilishi kerak, ya’ni bank hisob-raqamida kerakli miqdorda pul borligi ko‘rsatilgan hujjat yoki sizga sponsorlik qilayotgan tashkilotdan xat olib universitetga jo‘natish kerak bo‘ladi.

Keyin DS-160 formasi ham to‘ldiriladi. Agar o‘qish boshlanishiga oz qolgan bo‘lsa, O‘zbekistondagi AQSh elchixonasidan suhbatga kirish uchun zudlik bilan uchrashuv belgilash lozim.

Men vizaga topshirayotgan vatqimda bo‘sh joylar yo‘qligi uchun elchixona elektron pochtasiga murojaat qilish orqali suhbat kunini belgilaganman.

Moslashish davri. Dastlab, bu yerga kelganimda ikki haftacha o‘zimni yaxshi his qilganman. Oldin ko‘rmagan go‘zal joylarim, turli millatdagi insonlar bilan muloqot — barchasi meni xursand qilgandi.

Biroz vaqtdan keyin oilamdagilarni, o‘rtoqlarimni sog‘ina boshlaganman. Buning sababini esa avval umuman O‘zbekistondan chetga chiqib ko‘rmaganim va Amerika meni birinchi xorijga chiqqan davlatim ekanligi bilan tushuntirishim mumkin.

Shuningdek, Amerikada odamlar har xil aksentlarda gapirgani sabab, tushunishim qiyin bo‘lgan.

Xullas, bu yerning hayot tarziga moslash biroz qiyin kechgan. Stress, depressiya kabi holatlarni ham boshimdan o‘tkazganman.

Ammo oilamizdagi birinchi chet elga chiqib o‘qiyotgan farzand bo‘lganim uchun juda katta mas’uliyatni his qilardim. Shu sababdan qanday holat bo‘lishiga qaramasdan o‘zimni qo‘lga olganman. Sekin-asta hammasi iziga tushib ketdi.

Hayron qoldirgan narsalar. Men sharq davlatidan kelganim bois, bu yerdagi ko‘p narsalar meni hayratga soldi. Masalan, bankga va shifoxonaga navbatga yozilish kabi ko‘plab xizmatlar onlayn amalga oshiriladi.

Shahar bo‘ylab esa ko‘plab tekin kutubxonalarni uchratish mumkin. Matbuotning ham elektron shakli yaxshi rivojlangan, ya’ni odamlar gazetalarni qog‘oz variantda emas, onlayn formatda o‘qishadi.

Agarda metroga chiqmoqchi bo‘lsangiz bilet olish uchun kassaga borib turmaysiz. Bizdagi ATTOga o‘xshab SmartTrip degan kartasidan foydalanasiz.

Amerika desa ko‘pchilikning ko‘z oldiga baland binolar keladi, lekin bunday binolarni asosan Nyu-York, Chikago kabi shtatlarda ko‘rish mumkin.

Yana bir narsa — har bir shtatning alohida qonuni bor va ular biri-biridan farqlanadi.

amerika, aqsh, ta'lim, usa, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Universitet va dars jarayoni

Universitetimiz o‘zining necha ming yillik tarixiga ega. Bu yerni atmosferasi va talabalarga yaratilgan imkoniyatlar menga juda ham yoqadi.

Universitetga begonalar kirishi man qilingan bo‘lib, talabalar o‘zlarining ID-kartasi orqali kirishadi.

Talabalarni vaqtini unumli o‘tkazishi uchun turli tadbirlar bo‘lib o‘tadi, qiziqarli joylarga sayohatga olib borishadi hamda mashhur insonlar bilan uchrashuvlar tashkillashtirishadi.

Oliygoh kutubxonasi 7/24 soat davomida ishlaydi. Shuningdek, bu yerda talabalarni qo‘llab-quvvatlovchi “akademik support” markazi bor.

Universitetimizda mualliflik huquqiga juda ham katta ahamiyat qaratishadi. Agar kimningdir ilmiy ishini o‘zlashtirgan bo‘lsangiz hatto universitetdan haydalishingiz ham mumkin. Manbalardan foydalanganda ularga havola berib ketish kerak.

Dars jarayonlari. Bu yerda mustaqil ta’lim rivojlangan bo‘lib, o‘rganadigan fanlaringizni o‘zingiz tanlaysiz. Majburiy fanlar bo‘lishiga qaramasdan, ular orasidan ham istalgan fanni tanlab o‘qish mumkin.

Ko‘p talabalar “part time"da o‘qishadi va shunga moslab kredit tanlab olishadi. Ammo men xalqaro talaba bo‘lganim uchun “full time"da o‘qiyman va har semestrda kamida 9 kredit fan o‘qishim majburiy hisoblanadi. Ya’ni bir semestrda 3 fanni o‘rganaman.

Dars davomiyligi ham bizga o‘xshab 80 daqiqa emas, aksincha 140 daqiqa atrofida bo‘ladi va haftasiga uch kun, bir paradan dars o‘tiladi.

Yana bir qiziq jihati har darsda turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan 8tadan 25tagacha bo‘lib dars o‘tganmiz — bizga o‘xshab guruh bo‘lib bir fanni o‘rganishmaydi.

Bu yerda darslarga kech qolib kelsangiz hech kimga xalaqit qilmaslik uchun sekin joyingizga borib o‘tirishingiz mumkin. Buning uchun ustozdan ruxsat so‘rash ham shart emas. Agar dars paytida qayergadir chiqib kelish kerak bo‘lsa, unda ham so‘rama bo‘ladi.

O‘qituvchilarning esa talabalar bilan munosabati do‘stona. Ayrimlari ularni professor demasdan ismi bilan chaqirishimizni istashsa, ayrimlari “Hi my dear collegues” deb o‘z hamkasbidek ko‘rishadi.

Universitetda kerakli adabiyotlarni, kitoblarni platforma orqali ham olish mumkin. Vazifalarni ham aynan shu maydon orqali topshiramiz. Hech narsa qog‘oz variantda topshirilmaydi. Baholar ham platformaga joylanadi.

amerika, aqsh, ta'lim, usa, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Imtihonlar haqida. Imtihon o‘tkazilish tartibi, asosan, fanimizga oid loyihalar tayyorlashdan iborat bo‘ladi. Masalan o‘tgan semestrda “Innovations in international of education” degan fanimizda yangi bir innovatsiya ishlab chiqishga oid loyiha tayyorlaganmiz.

Ba’zi imtihonlarda esa savollarga yozma tarzda javob beramiz. Lekin qanday shaklda imtihon topshirilsa ham belgilangan vaqtdan kechikmaslik zarur, aks holda qabul qilmasligi mumkin.

Oylik xarajatlar

Amerikada yashash uchun bir kishiga $50−70 ming atrofida mablag‘ kerak bo‘ladi. Bunda eng ko‘p ulush ijara xarajatlariga to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, bir xonalik uylarning oylik ijarasi $1,500 dan boshlanadi. Ijara narxlari shtatlarga, shaharlarga qarab farqlanadi.

Kommunal to‘lovlariga kelsak, ular ham turlicha bo‘lishi mumkin. Ayrimlarida bu ijara pulining ichida bo‘lsa, ayrimlarida alohida to‘lanadi. Oziq-ovqat mahsulotlariga esa oyiga $500−1000 atrofida sarflanadi.

Transport narxlari ham unchalik qimmat emas. Biz universitetdan faqat metroga foydalanish uchun karta sotib olganmiz. Avtobusga chiqqanimizda esa o‘z hisobimizdan $2,5 to‘laymiz.

Bundan tashqari, sug‘urta xarajatlari bo‘lib, bir semestr uchun $1600−1700 ni tashkil etadi.

Talabalarning ishlashi bo‘yicha. Bu yerda F-1 talabasi universitet hududida yoki uning tashqarisida, ammo universitet faoliyati bilan bog‘liq ishlarda haftasiga 20 soatdan oshmaydigan ishda ishlashi mumkin.

Ish haqi ishlagan soatingizga qarab beriladi. Taxminimcha, soatiga $14-$20 atrofida to‘lanadi.

Birinchi o‘quv yili butun diqqat-e'tiborimni faqat o‘qishga qaratganim bois ishlash haqida o‘ylamaganman. Lekin, endi 2-kursda universitetdan ish topishga harakat qilib ko‘rmoqchiman.

amerika, aqsh, ta'lim, usa, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Amerikaga ketayotganlar nimalarga tayyor bo‘lishi kerak?

Boshqa davlatlarga nisbatan Amerikaga viza olish bu qadar oson emas. Va buning sababini AQShga viza qo‘lga kiritganlarning ko‘pchiligi ketib, qaytib kelmayotganligi bilan izohlash mumkin.

Shuning uchun ham AQShga o‘qishga hujjat topshirganlar faqat shu bilan cheklanib qolmasdan, boshqa rivojlangan davlatlar universitetlariga ham topshirib ko‘rishini maslahat bergan bo‘lardim.

Chunki, AQShga o‘qishga kirgan taqdiringizda ham viza chiqmay qolsa hafsalangiz pir bo‘lishi va shuncha harakatingiz kuyib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, xorijga ketishga tayyorgarlik ko‘rayotganlar bormoqchi bo‘lgan davlati haqida yaxshilab o‘rganib chiqishni ham maslahat bergan bo‘lardim.