Pokiston kompaniyasi O‘zbekiston bilan transport va logistika sohasida hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasining matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, Pokiston delegatsiyasining mamlakatga tashrifi doirasida “National Logistics Corporation” transport-logistika kompaniyasi rahbari Farrux Shahzod Rao bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va kelgusida transport hamda yuk tashuv loyihalarini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokama olib borildi.

Mehmonlarga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining faoliyati va vazifalari hamda mamlakatda tadbirkorlar va investorlar uchun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Pokistonlik mehmonlar “National Logistics Corporation” kompaniyasi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazib, kompaniya faoliyati va afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, Pokiston tomoni O‘zbekistonda kompaniya vakolatxonasini ochish niyatini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib olgandi. Mamlakatning “Hassan Allam Holding” kompaniyasi esa O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqmoqda.