Turkiya Markaziy banki asosiy stavkasini 30%gacha oshirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 21-sentabr kuni Turkiya Markaziy bankining pul-kredit siyosati qo‘mitasi asosiy stavkani 5% bandga — 25%dan 30%ga oshirdi. Bu regulyator yangi raisi Hafize Erjan iyun oyida tayinlanganidan buyon asosiy stavkaning to‘rtinchi o‘sishi bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, bu 2003-yildan buyon qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdir. Mutaxassislar regulyator stavkani kamida 27,5%ga yoki birdaniga 30%ga oshirishini kutishgandi.

“Qo‘mita inflyatsiyani imkon qadar tezroq pasaytirish, inflyatsiya kutilmalarini mustahkamlash va narxlar harakatining yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish jarayonini davom ettirishga qaror qildi”, — deyiladi xabarda.

Bundan qariyb bir oy avval — 24-avgust kuni qo‘mita asosiy stavkani birdaniga 7,5% bandga, ya’ni 17,5%dan 25%ga oshirgandi.

Iyul oyida Turkiyada rasmiy inflyatsiya oylik 9,49% o‘sish bilan 47,8%ga yetdi. Avgust oyida yillik inflyatsiya darajasi kutilganidan tezroq o‘sib, 58,9%ni tashkil etdi.

Hukumat yil oxirida bu ko‘rsatkich 65%ga yetishini kutmoqda. Shu bilan birga, Turkiya Markaziy banki inflyatsiyaning kelgusi yilda 33%ga, 2025-yilda esa 15%gacha sekinlashishini prognoz qilmoqda.