Poytaxtda joylashgan korxona 3,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Toshkentda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Shayxontohur tumanida joylashgan “R.T.” MChJ tabiiy gazdan foydalanish bo‘yicha qonun buzilish holatini qayd etgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, mazkur korxonaga qarashli korxonaning 2ta bug‘ qozoni gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan. Noqonuniy holat natijasida 5,8 mln kub metr gaz talon-toroj qilinib, davlat manfaatlariga 3,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, bu hajmdagi tabiiy gaz 29 ming 82ta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.
Bundan tashqari, iste’molchining bugungi kun holatida elektr energiyasidan qariyb 3,6 mlrd so‘m qarzdorligi mavjudligi sabab elektr tarmog‘idan ajratildi.
Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Avvalroq Buxoroda 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilib, hukm o‘qilgandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksi 169-moddasi 4 -qismining “a” bandi, 209-moddasi 2-qismining “a” bandi, 228-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari bilan aybli deb topilgan A.Jabborov, J.Sultonovlar 11 yil, A.Abdullayev va M.Hayitovlar 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.