3-oktabr kuni Yevropa parlamenti a’zolari Yevroparlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston bo‘yicha tayyorlangan hisobotini muhokama qildi.

Rezolyutsiyaga kiritilgan takliflarga ko‘ra, Yevroparlament kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini ijobiy qabul qildi. Bu O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuviga, bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini mustahkamlashga va xorijiy investorlarning ishonchini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Deputatlar O‘zbekiston sanoatini diversifikatsiya qilish, mamlakatning qayta tiklanuvchi energiya manbalariga faol o‘tishini qo‘llab-quvvatlash hamda Markaziy Osiyo energiya bozorlarini qo‘shni davlatlar va YeI bozorlari bilan sinergiya orqali integratsiya qilish muhimligini ta’kidlashdi.

Yevroparlament O‘zbekistonning hozirgi geosiyosiy vaziyatdagi qiyinchiliklariga e’tibor qaratdi. Bunda, hukumatning Yevropa davlatlari bilan hamkorlik qilish orqali Rossiyaga iqtisodiy va savdo qaramligini diversifikatsiya qilish istagi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Yevroparlament deputatlari O‘zbekistonning YeI preferensiyalar tizimiga a’zoligini qayd etib, bu mamlakat iqtisodiy o‘sishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Masalan, 2021-yilda O‘zbekistonning Yevropaga eksporti uch barobardan ko‘proqqa oshgan.

Oldingi yutuqlarga qaramay, Yevroparlament O‘zbekistonni 27ta xalqaro konvensiya talablariga rioya qilishga va YeIning umumiy imtiyozlar tizimi bo‘yicha hisobot berishga chaqirdi.

“Biz O‘zbekistonning Rossiyaga yordam berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga e’tibor qaratamiz, chunki bu Rossiyaning YeI tomonidan joriy qilingan savdo sanksiyalarini chetlab o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga chaqiramiz”, — deyiladi rezolyutsiyada.

Shuningdek, rezolyutsiyaga kiritilgan takliflar:

  • O‘zbekistonning YeI bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganishga chaqiruv;
  • Yevropa sanoat manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishda O‘zbekistonning potensial rolini oshirish;
  • O‘zbekistonni iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida mustaqil va muqobil kasaba uyushmalarini tashkil etishga ko‘maklashishga chaqirish;
  • O‘zbekistonni istiqbolli savdo bozorlari bilan bog‘lash uchun Transkaspiy transport yo‘lining potensialini belgilash.

Avvalroq Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish borasidagi taklifini qo‘llab-quvvatlagandi.