Hukumat qarori bilan “Metropolitenda yo‘lovchilar hamda boshqa shaxslarning bo‘lishi qoidalari” tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, metropolitenda yo‘lovchining bo‘lishi va uning yukini tashish shartnomasi tuzilganligi yo‘l chiptasi orqali yoki imtiyozga hamda bepul yurish huquqiga ega bo‘lganlarning tegishli hujjatini ko‘rsatishi bilan tasdiqlanadi.

Yo‘lovchilar ichki ishlar organlari xodimlari talabiga asosan yuklarini ko‘zdan kechirish uchun taqdim etadi. Bunda qidiruvdagi shaxslar deb gumon qilingan yoki ko‘zdan kechirish jarayonida o‘zini shubhali tutayotganlar belgilangan tartibda shaxsiy ko‘zdan kechirilishi mumkin. Agar ular bu talabni rad etsa, metropolitenga kiritilmaydi.

Metropoliten infratuzilmasi obyektlari va xavfsizlik hududlarida quyidagilar taqiqlanadi:

  • yonuvchan, portlovchi moddalardan va bosim ostida ishlovchi qurilmalardan foydalanishni talab etadigan barcha faoliyat turlari bilan shug‘ullanish
    va shu bilan bog‘liq ko‘ngilochar shoxobchalarni qurish hamda tashkil etish;
  • metropoliten inshootlaridan, yer usti shamollatish qurilmalaridan 25 metrdan kam masofada chiqindilarni to‘plash, yoqish
    va gulxanlar tashkil etish;
  • gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari (avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi bilan jihozlangan, estakada inshootlari ostidagi maxsus ochiq avtoturargohlar bundan mustasno) va yonuvchi materiallar ortilgan transport vositalarini estakada inshootlari ostiga (avtoturargohlarga) joylashtirish.

Metropolitenda quyidagilarga ruxsat etilmaydi:

  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarini iste’mol qilish yoki mast holda kirish;
  • qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalar va nosvoy chekish;
  • metropoliten hududida oyoq kiyimsiz va kiyimsiz holda bo‘lish;
  • bekatga yo‘lovchilarning kiyimi, metropoliten vagonlari, inshootlari va qurilmalarini kir qilishi mumkin bo‘lgan yuklar va buyumlar hamda velosiped (yig‘iladigandan tashqari), moped, skuter va boshqa harakatlanish vositalari bilan kirish;
  • bekat hududida, vagonlarda akrobatik va sport mashqlarini bajarish, har xil turdagi sport to‘plarini o‘ynash.

Yo‘lovchilar metropolitendan foydalanishda o‘zlari bilan birga 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarini, bolalar va nogironligi bo‘lganlar aravachalarini, bolalar velosipedlarini, musiqa asboblarini, shuningdek, g‘ilofga solingan holda sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi buyumlar, chana, chang‘i va baliq ovi uchun qarmoqlarni bepul olib yurishiga ruxsat beriladi.

Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklanganlar tomonidan metropolitenning texnik vositalaridan (liftlar, nogironligi bo‘lganlar aravachasini ko‘taruvchi/tushuruvchi moslamalar va boshqa jihozlar) foydalanish, zaruratga ko‘ra tegishli xodimlardan yordam olish mumkin.

Shuningdek, yo‘lovchilar bekatlarni havaskorlik foto va videotasvirga olishlariga ruxsat beriladi. Bunda, o‘lchamlariga ko‘ra quyidagi uchta o‘lchovi yig‘indisi bo‘yicha 200 santimetr bo‘lgan yuklarni bepul olib yurish mumkin:

  • eni — 60 santimetr;
  • uzunligi — 70 santimetr;
  • balandligi — 70 santimetr.

Avvalroq O‘zbekistonda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi korxonalar negizida kelasi yilgacha yangi muassasalar tashkil etiladi.