5%lik inflyatsion targetga erishish davri 2026-yil yakunigacha davom etishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Regulyator boshqaruvining 26-oktabridagi yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2024-yil va 2025−2026 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” konseptual jihatdan ma’qullandi.

Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari joriy va kutilayotgan makroiqtisodiy vaziyat bo‘yicha Markaziy bank qarashlarini ifodalaydi.

Tashqi savdo hamkorlardagi iqtisodiy vaziyat, xomashyo va moliya bozorlarida kelgusida ham yuqori noaniqliklar saqlanib qolishini hamda tarkibiy islohotlarning amalga oshirilish sur’atlari asosida keyingi yillarda makroiqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlari ssenariylar asosida ishlab chiqildi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning barcha ssenariylarida Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratiladi.

Kelgusi yillarda tashqi iqtisodiy sharoitlarda joriy vaziyatning keskin o‘zgarishlarsiz rivojlanishi va tarkibiy islohotlarning faol davom ettirilishi asosiy ssenariy shartlari etib belgilangan bo‘lsa, noaniqliklarning yanada kuchayishi va tashqi sharoitlarda xatarli shoklarning yuzaga kelishi muqobil ssenariy shartlari sifatida qayd etildi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2022−2023 yillarda yuzaga kelgan tashqi vaziyatdagi o‘zgarishlarning taklif omillariga bo‘lgan bosimi uzoqroq saqlanib qolayotganligini hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar to‘g‘rilanishining umumiy inflyatsiyaga bo‘lgan ta’sirlarini inobatga olib, inflyatsiyaning doimiy 5%lik targetiga erishish davri 2025-yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha asoslarni yuzaga keltirmoqda.

Ayni paytda, ushbu qaror doimiy 5%lik targetni o‘zgartirilganligini anglatmaydi, balki ushbu targetga erishish davrining uzaytirilganligini bildiradi.

Shuningdek, targetga erishish davrining uzayishi, bir tomondan iqtisodiyotdagi yalpi taklifning ichki iste’mol talabini yetarli darajada qondirishda kechikayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yalpi talabni tiyib turishga qaratilgan keskin choralar ko‘rilgan taqdirda iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka jiddiy xatarlar tug‘dirishi mumkinligi bilan bog‘liq.

Bu o‘z navbatida, inflyatsiyani target ko‘rsatkichiga qadar samarali pasaytirish uchun uning monetar omillari ta’sirini kamaytirish bilan bir qatorda yalpi taklifni oshirishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirish lozimligini anglatadi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysi doirasida 2024-yilda inflyatsiya darajasi 8−9% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiyaning mazkur darajada bo‘lishini ta’minlash uchun pul-kredit sharoitlari 2024-yilda ham nisbatan qat’iy fazada saqlab qolinadi.

Ayni paytda, 2024-yilda tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanish darajasidan kelib chiqib inflyatsiyaning prognozi qayta yangilanishi va mos ravishda pul-kredit sharoitlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Makroiqtisodiy to‘g‘rilanishlar va tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan davrda umumiy inflyatsiyaga qisqa muddatli oshiruvchi ta’sirlar sezilarli bo‘lishini inobatga olib, kelgusi yilda pul-kredit sohasidagi qarorlar ustuvor ravishda bazaviy inflyatsiyani pasaytirishga qaratiladi.

O‘z navbatida, kelgusi yillarda ham bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini saqlab qolish bo‘yicha yetarli asoslar shakllangan.

Kutilayotgan o‘zgarishlar inflyatsion kutilmalarga keskin ta’sir ko‘rsatgan taqdirda, pul-kredit sharoitlari o‘zgartiriladi hamda keng jamoatchilik bilan kommunikatsiya yanada faollashtirilib, har bir chora tushuntirib boriladi.

Pul-kredit siyosati ta’sirchanligini oshirishda bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaytirish, imtiyozli kreditlash amaliyotini qisqartirish va bozor tamoyillari asosida shakllanuvchi foiz stavkalariga o‘tish borasida choralar davom ettiriladi.

O‘rta muddatli istiqbolda bank tizimi umumiy likvidligi dinamikasi hukumat operatsiyalari va uni moliyalashtirish manbalari, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif muvozanatidan kelib chiqib shakllanadi. Bunda, 2023-yilda kuzatilgani kabi, 2024-yilda ham likvidlikni qisqaruvchi tendensiyaning saqlanib qolishi qat’iy pul-kredit sharoitlari orqali inflyatsiyani cheklovchi ahamiyat kasb etadi.

Asosiy ssenariy doirasida 2024-yilda YaIMning real o‘sishi prognozi 5−5,7% atrofida bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2025-yilda 5−6% va 2026-yilda 5,5−6,5% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Bunda, xususiy sektorning investitsion va ishlab chiqarish salohiyatini oshib borishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hamda eksportning yuqori sur’atlarda o‘sishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillar bo‘lishi kutilmoqda.

Muqobil ssenariy doirasida, asosiy ssenariydan farqli ravishda, tashqi sharoitlarning birmuncha noqulay shakllanishi ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishini inobatga olib, 2024-yilda inflyatsiya darajasi 9−10% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bunda doimiy targetga erishish davri yanada uzoqroq davrga kechikib, 2025-yilda inflyatsiya 7−8% atrofida bo‘lishi va 2026-yil yakuniga kelib 5%gacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur ssenariy doirasida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil fiskal rag‘batlantirishlar bo‘ladi. Bunda, o‘rta muddatli istiqbolda YaIM real o‘sishi bazaviy ssenariyda keltirilgan prognozlarga nisbatan 1,5−2% bandga pastroq bo‘lishi mumkin.

Muqobil ssenariy shartlari yuzaga kelganda pul-kredit sharoitlarini yanada qat’iylashtirish choralari ko‘riladi. Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida makroprudensial choralardan ham keng foydalanib boriladi.

Kelgusi yillarda institutsional jihatdan rivojlanish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Xususan:

  • pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini rivojlantirish borasida 2025-yildan asosiy stavkaning shartli prognozini e’lon qilish va bozor ishtirokchilari bilan muhokama qilish o‘rganiladi;
  • pul bozorida ta’minlangan repo operatsiyalar hajmini kengaytirish va pulning turli davrlardagi narxlari asosida daromadlar egri chizig‘ini shakllantirish choralari ko‘riladi;
  • “overnayt foiz stavka svoplari” amaliyoti joriy etilib, ular asosida daromadlik egri chizig‘i shakllantiriladi;
  • makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimini yanada takomillashtirishda mashinali o‘qitish va onlayn kuzatuvlar natijalari asosida ye-cpi prognozlari ishlab chiqiladi;
  • inflyatsion kutilmalar hamda iste’mol va biznes kayfiyatini o‘rganishning qamrov usullari takomillashtiriladi;
  • iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya prognozida qo‘llaniladigan modellar qatori kengaytiriladi va boshqalar.

“Pul-kredit siyosatining 2024-yil va 2025−2026 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari"ning konseptual jihatdan ma’qullangan dastlabki loyihasi Markaziy bank rasmiy sahifalarida e’lon qilinib, muhokamaga qo‘yilishi ma’lum qilingan.

Avvalroq regulyator asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgandi.

Prognozlar

Jahon banki O‘zbekistonning joriy yilgi YaIM o‘sishi 5,5%ga yaqinlashishini hamda o‘rta muddatli istiqbolda asta-sekin tezlashishi mumkinligini prognoz qildi. Ko‘rsatkich 2024 va 2025-yillarda mos ravishda 5,6% va 5,8%ga yetishi kutilmoqda.

Joriy yilda iste’mol o‘sishi pasayadi, bu esa Rossiyadan pul o‘tkazmalarining kamayishi bilan bog‘liq. Shuningdek, bu yili import o‘sishining tezlashishi kutilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) esa mamlakatning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshiladi. Lekin bank narxlarni liberallashuvi sabab inflyatsiyaning 10%dan pastga tushishini kutmayapdi. Kelasi yili inflyatsiya 2015-yildan buyon qayd etilgan eng past 10% ko‘rsatkichni tashkil etadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa Markaziy bankning 2028-yilga qadar inflyatsiyaning 5% maqsadiga erishishini kutmayapti. Iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda, faqat Tojikistondan biroz ortda qolmoqda.

“Fitch Ratings” reyting agentligi prognozlari O‘zbekiston iqtisodiyoti joriy yilda 4,7%ga o‘sishini ko‘rsatdi. 2024-yilda o‘sish 6%ga tezlashadi va 2025-yilda 5,8%ga yetadi.

Iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir sifatida, agentlik qisman xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirilgan investitsiyalarning o‘sishini, Rossiyadan pul o‘tkazmalari oqimining davom etishini va inflyatsiyaning pasayishini ta’kidlaydi, bu esa elektr energiyasi va gaz tariflarini liberallashtirishga yordam beradi.

Joriy yilning may oyida YeTTB iqtisodchilari O‘zbekistonning 2023-yilda o‘sish prognozini 6,5% bilan o‘zgarishsiz qoldirgandi. Biroq ular 2024-yilda yalpi ichki mahsulotning xuddi shunday o‘sishini kutishmoqda. Bu esa fevral oyidagi prognozdan 0,5%ga kam.

Ko‘chirishni davom ettirish, to‘g‘ri tashkil etilgan xususiylashtirish va tadbirkorlik sohasida islohotlarni kengaytirish faollikni saqlab qolishga yordam beradi. Lekin, Rossiya-Ukraina urushining kuchayishi yoki transferlarning qisqarishi istiqbollarni yomonlashtirishi mumkin.