Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshiladi. Bu haqda mintaqaviy taraqqiyot bankining sentabr oyidagi sharhida ma’lum qilingan.

OTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti yaqin ikki yilda har yili 5,5%ga o‘sadi. Aprel oyida bank 5% iqtisodiy o‘sishni prognoz qilgandi.

Prognozni yaxshilashning sabablari orasida Rossiyaga oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari eksportining ko‘payishi hamda investitsiyalarning o‘sishi qayd etilgan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi yarim yillikda 5,6%ga o‘sdi va bu kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. Bu fiskal rag‘batlantirish, mustahkam tashqi savdo, sanoatning o‘sishi hamda tog‘-kon sanoati va investitsiyalarning ko‘payishi bilan qo‘llab-quvvatlandi. Biroq, ikki xonali inflyatsiya tufayli iste’mol sekinlashdi.

Shuningdek, OTB inflyatsiyaning 10%dan pastga tushishini kutmayapdi. Hisobotda qayd etilishicha, narxlarni liberallashtirish qisqa muddatda inflyatsiya bosimining oshishiga yordam beradi. Kelasi yili inflyatsiya 2015-yildan buyon qayd etilgan eng past 10% ko‘rsatkichni tashkil etadi.

“2023-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda inflyatsiya ish haqi va pensiyalar oshishi hisobiga o‘tgan yildagi 10,6%dan 11%ga tezlashdi va energiya tariflarining prognoz ko‘tarilishi hisobiga yil davomida yuqoriligicha qoladi”, — deyiladi bank hisobotida.

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida pul o‘tkazmalari hajmi 2022-yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan 55%ga kamaydi. Buning sabablaridan biri Rossiyada ishlayotgan mavsumiy mehnat muhojirlari sonining qisqarishi bo‘lib, bu faqat joriy hisob taqchilligini oshiradi.