31-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim taklif va tashabbuslarni bir joyga jamladi.


G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga $1,5 mln ajratiladi

Kun tartibiga o‘tishdan oldin davlat rahbari hozirgi kunda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg‘otayotgan masala — Isroil armiyasi va Xamas harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarga to‘xtaldi.

“Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etamiz. Men G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga $1,5 mln ajratish haqida qaror qabul qildim”, — dedi prezident.

Davlat rahbari O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdam ekanini va uning BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi. Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin”, — dedi prezident.

Shuning uchun ham har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqirmoqda.

“Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman. Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur”, — dedi davlat rahbari va kun tartibidagi masalalar muhokamasiga o‘tdi.


Kelasi yilda qirqqa yaqin kichik va mikro GES quriladi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdagi gidroenergetika salohiyati 8 ming megavattni tashkil qiladi. Ayniqsa, Toshkent, Surxondaryo va vodiy viloyatlarida bu borada katta salohiyat bor.

Joriy yilda “To‘palang” GESni modernizatsiya qilish ishlari yakunlanib, uning quvvati 30 megavattdan 175 megavattga oshdi. “Darg‘om” kanalida 7,2 megavattli “Shaudar” GESi foydalanishga topshirildi.

Lekin hozirda jami gidroenergetika quvvatlari mavjud salohiyatga nisbatan 2−3 barobar kam. Shu sabab, yangi loyihalarni boshlash bo‘yicha rejalar mavjud. Sohaga xususiy sektorni jalb qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Bu yil 20ta, 2024-yilda esa yana 38ta kichik va mikro GES qurish reja qilingan.

Bu borada Andijon viloyatida ishlar yaxshi boshlangani, lekin Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida bu yilgi 15 ta kichik va mikro GESni qurish loyihasi kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, qo‘shimcha zaxiralarni topishga ko‘rsatma berildi.

Misol uchun, Norin daryosida kaskadlar qurib, 230 megavatt quvvatlarni ishga tushirish va Namangandagi 450 ming aholiga yetarli elektr ishlab chiqarish imkoniyati bor.


“O‘zbekgidroenergo” 5 yillik dastur ishlab chiqadi

“O‘zbekgidroenergo"ga 6 ming megavatt quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish va xususiy sheriklik asosida yirik xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish topshirildi.

Toldiqsoy, Mullalak, Qorong‘i-to‘g‘ay, Yuqori Pskom va Norin yirik GESlarini qurish loyihalari doirasida esa texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqishni yakunlash va xorijiy investorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.


Eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur yaratiladi

Yig‘ilishda energetika tizimining kuz-qish mavsumiga tayyorligi ko‘rib chiqildi.

So‘nggi besh yilda tarmoq va transformatorlarni modernizatsiya qilishga 4 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgani ta’kidlandi.

Lekin, ayrim viloyat hokimlari o‘zlari harakat qilib, mahallalarda transformator va tarmoqlarni yaxshilashga, kuz-qishni betalafot o‘tkazish uchun mablag‘lar, transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar zaxirasini shakllantirishga yetarli e’tibor qaratmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, hududlardagi 33 mingta transformator, 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan, oqibatda ishlab chiqarilgan elektrning 12%i yo‘qotilgan. 20ta tumanda elektr yo‘qotishlari hajmi mamlakat ko‘rsatkichidan 1,5 barobar yuqori.

Shu sabab, Energetika vazirligiga hududlarda eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish, viloyat hokimlari va prokurorlariga dasturni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

2026-yilga borib jami yo‘qotishlar hajmini 8%ga tushirish shartligi ta’kidlandi.


Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari ishdan olindi

Mamlakatdagi elektr ulgurji iste’molchilarining 28%i avtomatlashgan tizimga (ASKUE) ulanmagani qayd etildi. Yoki, aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgani bilan, 170 mingdan ziyod abonentlarning avtomatlashgan tizim bilan aloqasi yo‘q.

Soha mutasaddilariga barcha ulgurji iste’molchilarni ASKUE tizimiga ulash topshirildi.

Joriy yilda hududlarda 3,5 mlrd kilovatt-soat elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani ta’kidlandi.

Misol uchun, Karmanadagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452ta “mayning” qurilmasi o‘rnatilgani oqibatida 10 oy davomida qariyb 5,5 mln kilovatt-soat elektrdan noqonuniy foydalanilgan.

Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari o‘n oyda hududda shuncha elektrdan o‘g‘irlikni payqamagani, tumanda oylik iste’mol birdaniga 5%ga oshganini tahlil qilmagani tanqid qilindi.

Bu rahbarlarning barchasi ishdan olinishi belgilandi, Bosh prokuraturaga ularning harakatiga baho berib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Mutasaddilarga o‘g‘irliklar eng yuqori bo‘lgan hududlarda noqonuniy iste’molga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.


Ikki hafta ichida qozonxona va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlash topshirildi

Yig‘ilishda qozonxonalarni kapital va joriy ta’mirlash, issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash holati ham ko‘rib chiqildi. Mamlakat bo‘yicha reja 98%ga bajarilgan bo‘lsa-da, Andijon, Namangan va Surxondaryoda orqada qolmoqda.

Ikki hafta muddatda barcha kuch va vositalarni safarbar qilib, qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlashga topshiriq berildi.

Ijtimoiy soha muassasalarida ham eski va energiya sarfi yuqori bo‘lgan qozonlarni yangilashni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.


Aholiga tarqatilayotgan ko‘mirning yetib borishini nazorat qilish bo‘yicha tizim yaratiladi

Bu yilgi kuz-qish mavsumiga aholi va ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun yetarli hajmda ko‘mir yetkazib berish muhimligi ta’kidlanib, 10-noyabrgacha ijtimoiy soha obyektlariga qo‘shimcha 60 ming tonna ko‘mir yetkazib berish topshirildi.

Ayrim hududlarda aholiga ko‘mir tarqatish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, oqibatda yetkazib berilgan ko‘mirni yuqori narxlarda noqonuniy sotib yuborish va talon-toroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh prokuraturaga tarqatilayotgan ko‘mirning aholiga yetib borishini nazorat qilish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.