Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi doirasida hajmi $5,3 mlrdni tashkil etadigan savdo cheklovlarini joriy etishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Bloomberg” nashri.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, ehtimoliy sanksiyalar Rossiyaga payvandlash apparatlari, kimyoviy moddalar va harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar eksportiga cheklovlarni o‘z ichiga oladi.

Ro‘yxatga dasturiy ta’minot litsenziyalarini berish va Rossiyadan ayrim qayta ishlangan metallar, alyuminiy va qurilish materiallari, transport tovarlari va olmoslarni olib kirishni taqiqlash ham kiritilishi mumkin.

Shuningdek, 100 dan ortiq shaxs va 40 tashkilot Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolishi mumkin.

2023-yil 27-oktabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen YeI Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketini, jumladan G7 bilan birgalikda tayyorlanayotgan rus olmoslarini eksport qilishni taqiqlashni muhokama qilayotganini aytdi.

Olmosga oid G7 bayonoti 2023-yil oktabr oyi oxirigacha chiqarilishi kerak edi, deya xabar berdi “Reuters”. Buning ortidan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari e’lon qilinadi.

21-iyun kuni Yevropa davlatlari vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘n birinchi paketi bo‘yicha kelishib olgandi.

U Ukrainada keng ko‘lamli mojaro boshlanganidan keyin 2022-yil fevralidan beri joriy qilingan cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini olish choralarini o‘z ichiga oladi.

Gap eksport nazoratini kuchaytirish va sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan Rossiyadan tashqaridagi kompaniyalarga ta’sir o‘tkazish haqida bormoqda.

YeI MDH mamlakatlariga — masalan, Armaniston yoki O‘zbekistonga tovarlar yetkazib berish hajmining keskin ortishidan, jumladan, cheklovlar qo‘yilganidan xavotirda edi. Keyin bu mahsulotlar Rossiyaga “parallel import” orqali yetib boradi.

“Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan tashkilotlarga nisbatan eksport cheklovlarini kuchaytirish Putinning urush mashinasiga yana bir zarba beradi”, — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bayonotida.

Bizning sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi vositamiz Rossiyaning ushbu ro‘yxatdagi tovarlarni olishiga to‘sqinlik qiladi, deydi u.

Yevropa Ittifoqi 71 shaxs va 30 tashkilotni sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bundan tashqari, blok mamlakatlariga rus yuk mashinalarining kirishiga va “Drujba” quvurining janubiy tarmogi orqali Rossiyadan neft yetkazib berishga taqiq joriy etilmoqda.