Samarqand aeroportiga Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlari aviatsiya xabi maqomi beriladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2-noyabr kuni Toshkentda IHTga a’zo mamlakatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda, tashkilotning transport va logistika sohasidagi salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi.

Hamkorlikni kengaytirish uchun hududlararo tranzit uzellarini yaratish, transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit tariflarini optimallashtirish, xalqaro yuk tashish uchun shart-sharoitlarni osonlashtirish va transport xizmatlarini raqamlashtirish masalalariga yechim topish zarurligi qayd etildi.

Yuqoridagi rejalardan kelib chiqib, Transport vaziri Ilhom Mahkamov quyidagilarni taklif qildi:

  • O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy transport yo‘laklarini rivojlantirish;
  • Samarqand aeroportiga IHTning mintaqaviy aviatsiya xabi maqomini berish;
  • IHT mamlakatlari orqali yuklarning tranzit tashuvlarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash va tashish jarayonini osonlashtirish;
  • E-ruxsat, E-TIR, E-Tranzit kabi loyihalar orqali tovarlar va jo‘natish hujjatlarini bojxona rasmiylashtiruvida tartib-qoidalar raqamlashtirilishini tezlashtirish.

aviatsiya xabi, iht, iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, samarqand aeroporti, transport vazirligi

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. U tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida yuk tashuvlari jarayonlarini soddalashtirish, tranzit salohiyatini oshirish, muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish kabilarni o‘z ichiga olgan.

Shuningdek, Samarqand aeroportiga IHT davlatlari aviatsiya xabi maqomini berish taklifi ishtirokchi mamlakatlar tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlar transport vazirlari darajasida hujjat imzolandi.

“Toshkent deklaratsiyasi a’zo davlatlar o‘rtasida transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli yo‘nalishlarni taqdim etishda muhim yutuqdir. Ishonchim komilki, forum doirasida qabul qilingan tavsiyalarimiz mintaqada hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratadi”, — deya ta’kidladi IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy.

Avvalroq O‘zbekiston Rossiya bilan Turkmaniston orqali yuk tashuvlarini amalga oshirishga kelishgani haqida xabar berilgandi. Transport vaziri muqobil transport yo‘laklarini tashkil etish, standartlarni uyg‘unlashtirish hamda moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llashni taklif qildi.