O‘zbekiston Rossiya bilan Turkmaniston va Kaspiy dengizi orqali yuk tashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

1 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning birinchi transport forumida Transport vazirligi rahbari Ilhom Mahkamov transport-logistika hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi takliflarni bildirdi:

  • muqobil transport yo‘laklarini tashkil etish, standartlarni uyg‘unlashtirish, moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash;
  • transport arteriyalari bo‘ylab hamda chegaradosh hududlarda yirik multimodal logistika markazlarini qurish;
  • chegara-nazorat o‘tkazish punktlarida ish tartibini 24/7 formatda tashkil etish hamda viza berish jarayonini soddalashtirish;
  • raqamli texnologiyalar va intellektual tizimlarni keng joriy etish hamda logistika sohasida tajriba bilan almashish.

Forum doirasida Ilhom Mahkamov va uning Rossiya hamda Qozog‘istondagi hamkasblari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar “Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” xalqaro transport yo‘lagini yaratish va rivojlantirishga kelishib oldi.

Shuningdek, “Rossiya-Kaspiy dengizi-Turkmaniston-O‘zbekiston-Qirg‘iziston” xalqaro multimodal transport koridorini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Oktabr oyida O‘zbekiston Rossiya bilan Afg‘oniston orqali yangi transport yo‘lagini yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Multimodal yo‘nalishning yakuniy nuqtasi Belarus va Pokiston bo‘lishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.