“Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Ungga ko‘ra, 2024−2026-yillarda quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshiriladi:

  • mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish;
  • mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 mlndan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish;
  • mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablag‘lar miqdorini 2 barobarga oshirish;
  • mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali rasmiy daromadga ega bo‘lmagan 500 mingga yaqin shaxslarni o‘zini o‘zi band qilish va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish.

Qaror bilan 2024-yil 1-yanvardan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi.

Nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi.

Mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Jismoniy shaxs bo‘lgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablag‘larini jalb etishga ruxsat beriladi;

Mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10%lik ulushni 20%ga oshirish orqali yumshatiladi.

Bunda, olinayotgan ulush miqdori 10%dan 20%gacha bo‘lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

Mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik subyektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” kafilligini berish imkoniyati yaratiladi.

Tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari bo‘yicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi.

2024-yil 1-yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston banklaridagi mikroqarzlar haqida ma’lumot tayyorlagandi.

Hozirda mikroqarzni 20 ta bankda olish mumkin bo‘lib, kredit hajmi 10 mlndan 50 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.