Qozog‘iston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari uchun transport sohasida hamkorlikka qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu haqda bosh vazir Alixon Smaylovga tayanib “Forbes.kz” xabar berdi.

Bu haqda Qozog‘iston hukumati rahbari o‘tgan hafta Toshkentda o‘tkazilgan IHT sammitida ma’lum qildi. Vazir aksariyat mamlakatlar okeanga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mintaqada transport va logistikani rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Ostonada Transkaspiy yo‘lagiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qozog‘iston o‘z salohiyatini oshirish maqsadida Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bilan birgalikda to‘siqlarni bartaraf etish va o‘tkazish qobiliyatini kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini amalga oshirish niyatida.

O‘zbekistondan Qozog‘istonning g‘arbiy viloyatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishni ta’minlash uchun “Beyneu-Shalqar” avtomobil yo‘li quriladi. Natijada, mazkur yo‘l TRASEKA sakkizinchi avtomagistral koridorining bir qismiga aylanadi.

Shuningdek, Qozog‘iston Kaspiy portlari imkoniyatlaridan foydalanishni ham rejalashtimoqda. Aqtau portida konteynerlar xabi, “Quriq” portida esa ko‘p funksiyali “Sarja” terminali quriladi.

Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi yuk tashish hajmini yiliga 500 ming konteynerga yetkazish belgilangan. Buning uchun Xitoy-Qozog‘iston nazorat-o‘tkazish punktlarida alohida stansiya yo‘llarining qurilishi ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, “Shimol-Janub” koridori bo‘ylab transportni rivojlantirishga qaratilgan choralar qabul qilinmoqda. Eron, Turkmaniston va Rossiya bilan birgalikda uning quvvatini 2027-yilgacha 15 mln tonnaga yetkazish bo‘yicha yo‘l xaritasi qabul qilindi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston “Markaziy Osiyo” Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan bitimni imzolagandi.