O‘zbekiston va Qozog‘iston “Markaziy Osiyo” Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini muvofiqlashtiradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkentda o‘tkazilayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti doirasida vazir Laziz Qudratov hamda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev o‘rtasida bitim imzolandi.

Hujjat ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida “Markaziy Osiyo” Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tartibga solishni nazarda tutadi.

Markaz vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • davlatlararo hamkorlik aloqalari va xalqaro qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • chegara hududlari ishlab chiqarish bazasidan foydalanish samaradorligini oshirish;
  • markazdagi ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, modernizatsiya qilish va sanoat korxonalarini raqobatbardoshligini oshirish.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi vazifalarni belgilab beradi.

Joriy yilning sentabrida O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘l sohasida yangi kelishuvlarga erishdi. Tomonlar “Mesplan” tizimi orqali rejalarni muvofiqlashtirib, tizim orqali kiruvchi asosiy va qo‘shimcha rejalarni tasdiqlaydi.