AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Xalqaro ta’lim almashinuvi bo‘yicha joriy yilgi “Ochiq eshiklar” hisobotiga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilida Amerikada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1000tadan oshgan. Ko‘rsatkich undan oldingi o‘quv yiliga nisbatan 72,6%ga o‘sgan.

2021−2022 o‘quv yilida 631ta o‘zbekistonlik talaba AQSh OTMlarida tahsil olgan bo‘lsa, 2022−2023 o‘quv yiliga kelib, mamlakatda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni 1089 nafarni tashkil etdi.

Ulardan 57,2%i bakalavriat bosqichiga qabul qilingan, 29,9%i magistratura bosqichida o‘qigan, 7,9%i fakultativ amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan hamda 5%i esa ingliz tili yoki boshqa qisqa muddatli ta’lim dasturlariga o‘qishga kirgan.

Shuningdek, 2022−2023 o‘quv yilida Amerikadagi xalqaro talabalar soni 1 mlndan oshib, 2021−2022 o‘quv yiliga nisbatan 14%ga o‘sgan va yangi yuqori ko‘rsatkich — 1 057 188 talabani tashkil etgan.

Avvalroq “Spot” AQShning “Fulbright” granti sohibi Abduaziz Isakulov hikoyasini taqdim etgandi. Abduaziz mazkur grant dasturida g‘olib bo‘lgani, Amerikada ta’lim olish va yashash haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.