Abduaziz Isakulov 1997-yil Toshkentda tug‘ilgan. Hozirda Cardozo School of Law (Kardozo huquq maktabida) Juris Doctor darajasida tahsil olmoqda.

U 2017-yilda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrni tugatgan. 2019−2020 yillarda esa Nyu-Yorkda Fordham School of Law (Fordham Huquq Maktabida) Mater of Laws in International Dispute Resolution (Xalqaro huquqiy nizolarni hal etish) yo‘nalishida magistratura bosqichini Fulbright grant dasturi asosida tamomlagan.

Nyu-York, Vashington va Frankfurtda “White & Case” va “Clifford Chance” kabi xalqaro yuridik kompaniyalarida, shuningdek Jenevadagi Jahon Savdo tashkilotida faoliyat yuritib, tajriba orttirgan.

Abduaziz AQShning Fulbright Student Program grant dasturida g‘olib bo‘lgani, Amerikada ta’lim olish va yashash haqidagi taassurotlari bilan “Spot"ga so‘zlab berdi.


Nega aynan AQSh?

2017-yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tugatganimdan keyin Аdliya vazirligiga ishga kirdim. 2018-yilda birinchi marotaba vazirlik delegatsiyasi tarkibida АQShning poytaxti Vashingtonga tashrif buyurdim.

U yerda, Vashington shahrida joylashgan investitsiyalar bo‘yicha Xalqaro sudda, O‘zbekiston ishtirokidagi bir qancha xalqaro sud jarayonlarida qatnashdim. O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilish uchun yollangan xalqaro advokatlarning yuridik bilimi va mahoratini o‘sha sud jarayonlarida kuzata turib, xalqaro darajadagi huquqshunos bo‘lib yetishish uchun O‘zbekistonda olgan bilimlarim yetarli bo‘lmasligini tushundim.

Buning uchun dunyoning rivojlangan davlatlaridagi top universitetlaridan birida o‘qib, keyinchalik o‘z sohamda ko‘proq xalqaro tajriba to‘plashim muhim edi.

O‘z navbatida bu maqsadni amalga oshirish niyatida hujjatlarimni АQSh ning bir qancha universitetlariga topshirishga tayyorlashni boshladim.

АQShda o‘qish miqdori o‘rtacha $60−70 mingdan oshishini hisobga olib, magistraturada o‘qish uchun to‘liq grant taqdim etuvchi dasturlarni qidirdim. AQSh elchixonasi rasmiy veb-sayti orqali Xalqaro Fulbright grant dasturi haqida ma’lumotga ega bo‘ldim va o‘z hujjatlarimni shu grant dasturiga topshirdim. Natijada, ushbu dastur g‘olibiga aylandim va Nyu-Yorkdagi Fordham universitetiga yo‘l oldim.

amerika, usa, xorijda ta'lim

Foto: Fordham School of Law

Amerika dunyodagi eng yaxshi va mashhur universitetlarni o‘zida jamlagan davlatdir. U yerga talabalar butun dunyodan kelishga intiladi, lekin ularning eng iqtidorlilarigina tanlab olinadi. O‘z o‘rnida bu, universitetda talabalar o‘rtasida o‘qishga bo‘lgan intilishni va o‘zaro sog‘lom raqobatni yanada kuchaytiradi.

AQShdagi universitetlarning xalqaro mavqeni anglash uchun birgina Times Higher Education yoki QS Rankings kabi xalqaro reyting tashkilotlari tuzgan reyting jadvallariga qarashning o‘zi kifoya qiladi.

Ta’limdan tashqari, bu yerdagi oliygohlar talabalarga yaratilgan boshqa sharoitlar va keyinchalik tegishli karyera imkoniyatlari hisobiga ham dunyodagi ko‘pchilik uchun birinchi raqamli tanlov hisoblanadi.

Shuning uchun ham Amerika xalqaro talabalar soni bo‘yicha, shu jumladan, men uchun ham dunyoda birinchi o‘rinda turardi.

Fulbright Student Program haqida

Fulbright bu AQSh Davlat Departamentining almashinuv dasturlaridan biri bo‘lib, dunyodagi 150 dan ortiq mamlakatlardan har yili sanoqli iqtidorli yoshlarni tanlab oluvchi va ularga AQSh oliygohlarida magistraturada o‘qish uchun barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grant dasturi hisoblanadi.

Ushbu grantni qo‘lga kiritganlarga o‘qish to‘lovi va boshqa to‘lovlar qoplab berilib, kitoblar, o‘quv qurollar uchun ham mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, oylik stipendiya ham ajratilib, tibbiy sug‘urtalanadi, J-1 vizasini olishda ham yordam berish, borish va kelish aviachiptalari bilan ta’minlash ham amalga oshiriladi.

Grant uchun hujjatlar online shaklda topshiriladi.

Magistraturaga hujjat topshirishdagi asosiy talablar:

  • Bakalavr diplomi bo‘lishi lozim;
  • Kamida ikki yillik ish tajribasi;
  • TOEFL va GRE/GMAT til sertifikatlariga ega bo‘lish;
  • CV, study plan va personal essay kerak bo‘ladi.

amerika, usa, xorijda ta'lim

Foto: Abduaziz Isakulovning shaxsiy arxividan

Hujjat topshirishda nimalarga ustunlik beriladi?

Dasturning eng asosiy talabi — tanlov ishtirokchilari bakalavr darajasini tamomlagan va kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan nomzodlar bo‘lishi kerak. Nomzodning ingliz tilini qanchalik yaxshi bilishi va uning AQShda o‘qimoqchi bo‘lgan sohasi, o‘zi va O‘zbekiston uchun qanchalik muhimligini yoritib beruvchi motivatsion inshosining sifati, dasturda muvaffaqiyat qozonishning asosiy omillaridan biridir.

Hujjat topshirish bir bosqichdan iborat. Ushbu bosqichda nomzodlar bakalavr diplomlari nusxalari, motivatsion insho va tegishli tavsiya xatlarini topshiradilar. Agar ushbu bosqichdan nomzod muvaffaqiyatli o‘tsa, keyin ikkinchi bosqichga — suhbatga chaqiriladi.

Dasturda g‘olib bo‘lish uchun talabaning bakalavr davomida olgan baholarning o‘rni ham juda muhim. Chunki, AQShdagi barcha universitetlar uchun nomzodning bakalavr davomida olgan baholari magistraturaga qabul qilishda ingliz tilini bilish darajasidan keyingi eng muhim omil hisoblanadi.


Mavzuga doir: AQShning Jorj Vashington universiteti magistranti Amira Askarova hikoyasi. Amira Jorj Vashington universiteti granti va “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasini qanday qo‘lga kiritgani, AQSh ta’lim tizimi haqida “Spot"ga so‘zlab bergandi.


Amerikaga yo‘l

Viza olish jarayonlari. АQSh vizasini olishda talabadan o‘qish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplanishini kafolatlaydigan hujjat talab qilinadi, ya’ni talabaning АQShdagi tegishli universitetga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi xat va teshishli homiy tashkilotdan talabaning xarajatlarini qoplanishi tasdiqlovchi hujjat.

Аgarda talaba o‘z hisobidan o‘qimoqchi bo‘lsa, albatta tegishli xarajatlarni qoplashga yetarli mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar so‘raladi. Bundan tashqari, talaba viza olishdan oldin elchixonada viza ishlari bo‘yicha konsul bilan suhbatdan o‘tadi.

Amerikadagi hayot. Fordhem universiteti Nyu-Yorkning markazi Manxettenda va hozirgi o‘qiyotgan universitetim Cardozo School of Law Nyu-Yorkda joylashganligi sababli asosiy vaqtim ham shu shaharda o‘tgan.

Nyu-Yorkda dunyoning barcha nuqtalaridan kelgan insonlarni uchratishingiz mumkin va o‘z navbatida bu o‘ziga xoslik shaharning madaniyatini juda ham xilma-xillashtirgan. Shu jumladan, men ham ilk bor kelganimda ko‘p sonli vatandoshlarimizni va ular tashkil etgan bir qancha mahalliy restoranlar, do‘konlarni va butun boshlik o‘zbek mahallalarini ko‘rib albatta hayratga tushganman.

Albatta AQSh O‘zbekistondan juda ham katta farq qiluvchi davlat. Amerika immigrantlar mamlakati bo‘lib, bu yerdagi har bir insonning avlod-ajdodini surishtirsangiz nemis, polyak, chex, ingliz, irland, fransuz, yapon yoki yana boshqa bir millat vakili bo‘lib chiqadi. Lekin, ularning barchasi o‘zini Amerikalik deb biladi.

Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda bu yerga kelayotgan immigrantlar yoki xalqaro talabalar o‘zlarini begona yoki vatandan ayri his qilishmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, Amerika madaniyati va hayot tarzining juda ham xilma-xilligidan dalolat beradi.

amerika, usa, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Oylik daromad va xarajatlar

Kasbiy va ilmiy faoliyat. Fulbrayt dasturi orqali kelganlarga o‘qishni tugatganlaridan so‘ng 18 oygacha talabaning o‘z sohasida malaka oshirish maqsadida ishlash huquqi taqdim etiladi. Dastur bo‘yicha emas, balki o‘zining shaxsiy xarajatlariga evaziga kelgan talabalarga o‘qishni bitirgan so‘ng 12 oy davomida malaka oshirish maqsadida ishlash huquqi beriladi.

Hozirda global iqlim o‘zgarishi va energiya resurslari bilan bog‘liq xalqaro huquqiy nizolarni hal etish masalasida ilmiy ish qilyapman. Markaziy Osiyo energiya resurslariga boy mintaqalardan biri. Resurslarni to‘g‘ri ishlatish bilan bog‘liq nizolarni o‘rganyapman.

Mintaqadagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarga xalqaro huquq nuqtayi nazaridan yechim berish ilmiy izlanishimning asosiy maqsadi. Xalqaro yuridik firmalar va xalqaro tashkilotlarda orttirgan tajribam ushbu masalalarni chuqurroq o‘rganishimga turtki bo‘ldi.

Stipendiya, oylik daromad va xarajatlar, talabalar uchun qulay ishlar. Fulbrayt dasturi menga oyiga $2100 miqdorida oylik stipendiya to‘lagan. Bu talabaning Nyu-Yorkda yashash xarajatlarini qoplash uchun yetarli.

Nyu-Yorkda oylik xarajatlarim quyidagicha edi:

  • xona ijarasi uchun — $600;
  • yeb-ichish va transport xarajatlariga — $600;
  • tegishli adabiyotlar xaridiga — 200−300;
  • kiyim xarajatlari uchun $150−200.

Stipendiya bilan o‘qishdan chalg‘imasdan bemalol yashasa bo‘ladi.

Ishlash istagiga bo‘lgan talabalarga kampus ichida haftasiga 20 soatdan oshmaydigan ishlarda ishlashga ruxsat etiladi. Bunday ishlar qatoriga, kutubxonada, universitet kafeteryasida ishlash yoki universitet professorlariga yordamchi bo‘lish kabi ishlarni misol keltirsa bo‘ladi.

amerika, usa, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Amerikaga ketmoqchi bo‘lganlarga tavsiya

AQSh Elchixonasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan va bakalavr talabalari uchun mo‘ljallangan bir semestr davomida almashinuv dasturi asosida o‘qish uchun Global UGRAD dasturi mavjud. Amerikadagi hayot va universitetlarida qisqa muddatli tajriba to‘plash uchun juda ham qulay dastur.

Magistratura talabalariga biron bir sohani egasi bo‘lib, keyin AQShdagi universitetlarga hujjat topshirishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Universitet tanlashda esa U.S. News & World Report, Times Higher Education, QS kabi xalqaro reytinglar ro‘yxatiga kirib, yuqori o‘rinlarni egallagan oliygohlarga hujjat topshirishlarini tavsiya etaman.

Amerikadagi barcha sohadagi xilma-xillik bu insonni o‘ziga tortadigan jihat. Bundan tashqari oliygohlardagi yuqori malakali ta’lim ham Amerikaning katta yutuqlaridan biri deb bilaman.

Yoqmagan jihatlari, bu albatta tibbiy xizmatlarning haddan tashqari qimmat ekanligi. Shuning uchun AQShga kelmoqchi bo‘lgan talabalarga albatta tibbiy sug‘urta sotib olib keyin o‘qishlarini boshlashlarini ham maslahat bergan bo‘lar edim.