Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda Haj safarini amalga oshirish uchun viza olib berishni va’da qilayotgan firmalar haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart. Podshohlik tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi.

Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qat’iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazo belgilangan.

O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqat qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan.

“Ayrimlarning O‘zbekiston orqali Haj safariga jo‘natamiz, degan aldovlariga uchmang. Ular fuqarolarimizni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinishmoqda. Bu esa, qonuniy asosga ega bo‘lmagan va Haj tashkil etishga vakolati yo‘q kimsalarning urinishidir”, deyiladi xabarda.

Bu kabi amallarni noqonuniy yo‘llar bilan bajarishga intilish 6 oy qamoq jazosi, Saudiya Arabistonidan deport qilish va mamlakatga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash, 100 ming saudiya riyoli ($26 ming) miqdorida jarima solishga olib keladi.

2022−2023-yillardagi Haj mavsumida O‘zbekiston fuqarolari turistik, biznes va boshqa vizalar orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj amallari bajariladigan hududlarga kira olishmagan.

Haj mavsumi arafasida ziyorat vizasini (turistik) olgan holda BAA, Iordaniya va boshqa davlatlar orqali kelgan fuqarolar Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan. 2023-yilda butun dunyodan 150 mingdan ortiq shaxslar ushlanib jarimaga tortilgan va deportatsiya qilingan.

O‘zbekiston qonunchiligida “Haj” tadbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi, mazkur faoliyat bilan sayyohlik tashkilotlari va boshqalarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanadi.

2023-yilning avgustida Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, mazkur xizmatlar faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.

Avvalroq Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan 39ta turoperator faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragani haqida xabar berilgandi. Undan keyin qo‘mita ayrim turoperatorlarning litsenziyalarini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.