Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoyning Guandun provinsiyasi gubernatori Van Veychjun bilan uchrashdi. Bu haqda TIV vaziri “Telegram"dagi rasmiy kanalida ma’lum qildi.
Tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston viloyatlari bilan almashinuvlarni faollashtirishni muhokama qildi.
Bundan tashqari, Guanchjouda ikki mamlakat kompaniyalarining 300dan ortiq vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Uning doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mavjud aloqalarni mustahkamlash, yangi qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilib, kelishuv va memorandumlar imzolandi.
TIV rahbarining Xitoyga tashrifi doirasida “BGI Group” kompaniyasi va Janubiy tibbiyot universiteti bilan ta’lim, farmatsevtika kabi sohalarda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Kadrlar salohiyatini oshirish va texnologiyalar almashinuvi e’tiborimiz markazida bo‘ldi”, — deydi Baxtiyor Saidov.
Shuningdek, vazir biznes-forum doirasida Xitoyning “China General Nuslear Power”, “Shenzhen Zhong Yi Group” kabi korporatsiyalari vakillarini qabul qildi.
Unda O‘zbekistonda aqlli texnologiyalar va “yashil” energetika kabi yo‘nalishlarda manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mamlakatdagi Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paygan. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36%ga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich $10 mlrddan oshishi kutilmoqda.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Venin bilan muzokaralar olib borgandi. Axborot-kommunikatsiya hamda raqamli texnologiyalar sohasida Xitoy bilan kelishuvlarga erishildi.
Xitoylik investorlar Andijonda loyiha qiymati $12 mln bo‘lgan yopiq muz kurortini qurishi rejalashtirmoqda. OKMK Xitoyning “Amer International” kompaniyasi bilan mis sanoati klasterini rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga kelishdi.
“O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi Xitoyning “China Southern Power Grid International” kompaniyasi bilan $1 mlrdlik shartnoma imzoladi.