“Ayrim sanoat tarmoqlarida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, qandolatchilik korxonalariga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqib, 2 yil muddatgacha moliyaviy resurslar ajratiladi.

Moliyaviy resurslar quyidagi miqdorlarda beriladi:

  • eksport hajmi $500 minggacha bo‘lganda — $1 mlngacha;
  • eksport hajmi $500 mingdan $4 mlngacha bo‘lganda — $2 mlngacha;
  • eksport hajmi $4 mlndan ortiq bo‘lganda — $3 mlngacha.

2025-yilgacha keng turdagi qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.

Ip-kalava ishlab chiqaruvchilarga paxta va sun’iy tolani o‘z ehtiyoji uchun import qilishda (qo‘shni davlatlardan tashqari) transport xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

Shuningdek, farmon bilan ayrim normativ huquqiy hujjarlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 2024-yil oxirigacha ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yig‘imning amaldagi miqdori 5 baravarga kamaytiriladi.

Shu bilan birga, bo‘yalgan mato va bo‘yalgan gazlamani realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarni ichki bozorda sotish ulushi kamida 50%ni tashkil qilgan korxonalarga yengilik taqdim etiladi.

Bunda kelasi yilning oxirigacha ijtimoiy soliqni 1% miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash hamda uch yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi beriladi.

2026-yilning 1-oktabrigacha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan ayrim tovarlarni import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

Sanoat zonalarida yer maydonlari hamda bino va inshootlarni ijaraga berishda to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash davri amaldagi 12 oydan 24 oygacha uzaytiriladi.

Avvalroq davlat dasturlari doirasida biznes uchun kreditlar onlayn platformalar orqali ajratilishi ma’lum qilingandi. IT yordamida mijozlar biznes-rejalar asosida faoliyat yuritishi, pul oqimlari va boshqa ko‘rsatkichlarini tahlil qilish orqali xatarlarni oldindan aniqlash mexanizmi yaratiladi.