Joriy yilning iyul oyida prezidentning Toshkent shahri, Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirishga qaratilgan qarori qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, tumandagi “Beshqo‘rg‘on” va “Tirsakobod” MFYda 320 gektar hududda 30 yil muddatga kichik sanoat zonasi maqomida “Industrial hudud” tashkil etiladi. “Bunyodkor” stadioni avtoturargohining jami 5,5 gektar qismida $200 mlnlik zamonaviy ishbilarmonlik markazi qurilishi belgilangan.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida “Chilonzor City” turar joy majmuasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida keltirilgan.

Loyiha bilan tumanni Xitoy tajribasi, xususan, yangi yondashuv, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda yangi usullarni qo‘llagan holda rivojlantirish belgilanmoqda.

Xususan, 2023−2024 yillarda hududda turmush sharoitlarini yaxshilash va uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida tashkil etiladigan “Chilonzor City” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yer maydonlari chegaralariga aniqlik kiritish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga aniq hisob-kitoblar asosida “Chilonzor City” loyihasini ishlab chiqish va hukumatga taklif kiritiladi. Loyiha budjet va tashabbuskor mablag‘lar hamda bank krediti asosida moliyalashtiriladi.

Bundan tashqari, loyihada “Smart city” loyihasini amalga oshirish belgilangan. U o‘z ichiga savdo markazi, mehmonxona, biznes va IT markazi, ko‘p qavatli avtoturargoh hamda turar joy majmuasini oladi.

Loyiha qiymati 2,3 trln so‘mni tashkil etib, 400 mlrd so‘mi tashabbuskor tomonidan, $160 mlni esa xorijiy investitsiyalar hamda kredit asosida moliyalashtiriladi.

Tashabbuskor “World Miral” kompaniyalar guruhi hisoblanadi. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2019-yilning 16-iyulida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali 8,15 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ta’sischisi — Aslanov Mirabbos Farxodovich.

Kompaniya tomonidan amalga oshiriladigan “Smart city” loyihasi 2025-yilning oxiriga borib ishga tushiriladi. Uning natijasida 2 mingta ish o‘rni yaratilishi qayd etilgan.

Shuningdek, “Anhor” kanalining Chilonzor tumani Kichik xalqa yo‘lidan Naqqoshlik ko‘chasigacha oqib o‘tuvchi 1,7 km uzunlikdagi qimsini, “Bunyodkor” shox ko‘chasi yon qismidan Toshkent avtomobil yo‘ligacha oqib o‘tuvchi 4,1 km uzunlikdagi “Qonqus” kanalini obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish belgilanmoqda.

Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 1-dekabrgacha qabul qilinadi.