Prezidentning Toshkent shahri Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, tumandagi “Beshqo‘rg‘on” va “Tirsakobod” MFYda 320 gektar hududda 30 yil muddatga kichik sanoat zonasi maqomida “Industrial hudud” tashkil etiladi.

“Bunyodkor” stadioni avtoturargohining jami 5,5 gektar qismida $200 mlnlik zamonaviy ishbilarmonlik markazi qurilishi belgilangan.

Mazkur markaz hududida mehmonxona, turarjoy va avtoturargoh barpo etilib, loyihani 2025-yilga qadar tugatish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, tumanni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha 2023- 2024 yillarda “Bo‘rijar” kanalining ikki tarafi obodonlashtirish orqali, kanal atrofida aholi dam olish maskani va sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobachalarini o‘z ichiga olgan gastronomik sayilgoh tashkil etiladi.

Shu bilan birga “Anhor” kanalining Kichik halqa yo‘lidan Naqqoshlik ko‘chasigacha bo‘lgan 1,7 km qismida, “Qonqus” kanalining 4,1 km qismida ham sayilgoh tashkil etilishi belgilangan.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun belgilangan yo‘l xaritasi bo‘yicha budjetdan umumiy 85 mlrd so‘m ssuda ajratiladi.

Bundan tashqari Olmazor va Chilonzor metro bekatlari o‘rtasidagi chorrahada yo‘l o‘tkazgich quriladi. Ruboiy va Chilonzor podstantsiyalariga 40 ming kVt va 25 ming kVt quvvatli yangi transformatorlar o‘rnatiladi.