Joriy yilning 20-dekabr kuni Meksika orqali AQShga noqonuniy kirgan 119ta o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarilgandi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi holat bo‘yicha munosabat bildirib, AQSh-Meksika chegarasi orqali Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmat ekanligini ta’kidladi.

“Biz bunday harakatlarni keskin qoralaymiz va o‘zbekistonliklarni odamlarga tovar sifatida qaraydigan jinoiy kontrabandachilarning yolg‘onlari qurboni bo‘lib qolmasliklaridan ogohlantiramiz. AQSh chegaralari noqonuniy migratsiya uchun ochiq emas”, deyiladi xabarda.

Elchixona o‘zbekistonliklarni Qo‘shma Shtatlarga safar qilishda xavfsiz va qonuniy yo‘ldan foydalanishga undamoqda.

AQSh mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun O‘zbekiston hukumati bilan ish olib bormoqda.

O‘zbekistonning chiqarib yuborilishi shart bo‘lgan fuqarolarining o‘z mamlakatiga qaytishini osonlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan hamkorligi uning xalqaro majburiyatlarga sodiqligini ko‘rsatishi ta’kidlangan.

AQSh ma’muriyati muhojirlarning mamlakatga qonuniy kirishi uchun xavfsiz va tartibli yo‘llarni kengaytirish bo‘yicha “muhim qadamlar” qo‘ydi. Xavfsiz va qonuniy yo‘llardan foydalanish, jumladan, “Grin karta” dasturi orqali borish taklif etiladi.

Chegarani noqonuniy kesib o‘tganlar kamida 5 yil davomida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beruvchi oila a’zolari va boshqa kishilar ham doimiy ravishda AQSh vizasi olish huquqiga ega emas deb topilishi mumkin.

AAQSh mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo‘lmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi.

Avvalroq AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi endilikda Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmasligini ma’lum qilgandi.

Noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.