Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlar orqali regulyator nomidan firibgarlik holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirmoqda.

Firibgarlar tomonidan internet tarmog‘idan soxta telefon raqamlari orqali fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilish holatlari kuzatilmoqda. Bunda firibgarlar Markaziy bank xodimi sifatida o‘zini tanishtirib, fuqarolarning ishonchiga kirishga urinmoqda.

Bundan tashqari, firibgarlar “Telegram"da regulyator nomidan ochilgan “Markaziy_Banki_uz” soxta kanalida fuqarolarga onlayn kreditlar taklif etmoqda.

Natijada, ularning bank kartalariga oid ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, bank kartasidagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari kuzatilmoqda. Qayd etilishicha, bu kabi xabar va foydalanuvchiga Markaziy bankning hech qanday aloqasi yo‘q.

Shundan kelib chiqib, regulyator fuqarolarga ayrim ma’lumotlarni bildirdi. Xususan, Markaziy bank aholiga kreditlar ajratmaydi va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanmaydi.

Fuqarolar bu xabarlarga e’tibor qaratmasliklari va bank kartalari ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermasliklari hamda hech qanday havolaga kirmasliklari so‘ralgan.

Shuningdek, regulyatorning tarmoqlardagi verifikatsiyalangan sahifalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Joriy yilning aprel oyida ham Markaziy bank firibgarlik bo‘yicha fuqarolarni ogohlantirgandi.

O‘tgan 11 oyda 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 70%i bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari hisoblanadi.

20-dekabr kuni prezident ishtirokidagi yig‘ilishda mamlakatda mavjud 50ga yaqin to‘lov tizimining hammasi ham kiberxavfsizlik talablariga javob bermasligi qayd etildi.