2023-yilda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini amalga oshirish uchun to‘qqizta litsenziya berildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.

Shundan bittasi kripto-birja, ikkitasi kripto-depozitariy va oltitasi kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan.

Shunday qilib, bugungi kunda O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar soni o‘n to‘rttaga yetdi: ikkita kripto-birja, ikkita kripto-depozitariy va o‘nta kripto-do‘kon.

Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kapital bozorlari va sug‘urta xizmatlarida regulyatorga aylanishi haqida xabar berilgandi.

Bu bo‘yicha, “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.

Unda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi ta’kidlangan.

Mazkur hujjat bilan “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olayotgan yuridik shaxslar uchun davlat boji miqdori va tartibi agentlik tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma ham agentlik tomonidan beriladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda mayning-pul faoliyatini tartibga soluvchi tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgani haqida yozgandi.