Avvalroq “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.

Unda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi ta’kidlangan.

Mazkur hujjat bilan “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olayotgan yuridik shaxslar uchun davlat boji miqdori va tartibi agentlik tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma ham agentlik tomonidan beriladi.

Davlat rahbari qarorida “Fond bozorining axborot resurs markazi” davlat unitar korxonasi va Korporativ axborot yagona portali agentlikka beg‘araz o‘tkazish belgilangan. Shuningdek, agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozori sohasiga oid shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Kapital bozori sohasidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligida ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan hujjatlar (tegishli faoliyatni litsenziyalash, qimmatli qog‘ozlar chiqarishni ro‘yxatga olish, murojaatlar va boshqa hujjatlar) joriy yilning 1-oktabridan Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga o‘tkaziladi va ko‘rib chiqish natijalari agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, agentlik ikki oy muddatda sug‘urta bozorini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori loyihasini hamda mazkur qarordan kelib chiqib, qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi belgilangan.

Avgust oyi boshida O‘zbekistonda mayning-pul faoliyatini tartibga soluvchi tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.