Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Binance” kripto-birjasiga jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik tomonidan xalqaro kripto-birjalar va boshqa elektron platformalar faoliyatini kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi litsenziyalash talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirish natijasida qabul qilingan.

Qayd etilishicha, “Binance” kripto-birjasi tomonidan O‘zbekiston hududida faoliyatni tashkil etish, jumladan, tegishli xizmat ko‘rsatuvchi provayder litsenziyasini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmagan.

Shu sababli, agentlik, qonunga muvofiq, “Binance” kripto-birjasi va kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiya regulyatoriga yuborilgan 300 ta bazaviy hisoblash miqdorida (102 mln so‘m) jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, quyidagi qonun hujjatlari buzilganligi agentlik tomonidan aniqlandi:

  • O‘zbekiston fuqarolariga kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilganligi haqida tasdiqlangan faktlar mavjudligi;
  • “Binance” platformasida operatsiyalar anonim kripto-aktivlar, shuningdek, jinoiy yo‘l orqali olingan kripto-aktivlar va mablag‘lar (o‘g‘irlik, firibgarlik va boshqalar) bilan amalga oshirilishi;
  • kompaniya yuridik shaxs — O‘zbekiston rezidenti emasligi;
  • O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda elektron platforma mavjud emasligi;
  • O‘zbekistonning kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilmayotgani;
  • xizmatlar provayderlarining ustav jamg‘armasida xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslarning hamda offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi ma’lumotlarning mavjud emasligi;
  • bir qismi O‘zbekiston tijorat bankida alohida hisobvaraqda saqlanishi zarur bo‘lgan ustav jamg‘armasi (kapitali) mavjud emasligi.

Avvalroq “Spot” nima uchun O‘zbekiston “Binance” xalqaro kripto-birjasi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani haqida yozgandi.

NAPP direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pakga ko‘ra, kompaniya shartlari litsenziya olishdagi talablarga javob bermagani sababli hamkorlik qilinmagan.