10-yanvar kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:

  • Yashnobod tumani — “Navro‘zobod” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani — “Iqtidor” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 16:00gacha.

Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Avvalroq davlat rahbari elektr energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida o‘zgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlari qo‘shilishini inobatga olib, tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasini topshirgandi.

Zaxira quvvatlari va energiya saqlovchi tizimlarning tarmoqdagi ulushini ko‘paytirish chora-tadbirlarini belgilash zarurligi ko‘rsatildi. Energetika tarmog‘iga investitsiya kiritayotgan asosiy xorijiy hamkorlar bilan manzilli ishlash va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish maqsadida Energetika vazirligining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish topshirildi.