Markaziy bank O‘zbekistonda ipoteka kreditlash bozori bo‘yicha 2023-yil uchun dastlabki natijalarni e’lon qildi.

O‘tgan yili banklar tomonidan 68 mingdan ortiq fuqaroga 16,85 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Natijada, ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 17%ga oshgan.

Barcha kreditlarning yarmi (8,66 trln so‘m) Yangi tartib asosida ajratilgan. Shuningdekm kreditlar hajmining yarmidan ko‘pi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan davlat mablag‘lari hisobidan ta’minlandi.

Banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan 5,71 trln so‘m ajratildi, yana 1,57 trln so‘m Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan berilgan.

1-yanvar holatiga ipoteka kreditlari bo‘yicha qoldiq 58,2 trln so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilga kelib u chorakga, yetti yilda esa 6 barobarga oshgan.

Toshkent 5 trln so‘mlik ipoteka kreditlarini berish bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Undan keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati turibdi. Mazkur viloyatda aholiga 1,33 trln so‘mlik ipoteka krediti berilgan.

Shuningdek, birinchi beshlikka Navoiy (1,25 trln so‘m), Toshkent (1,23 trln so‘m) va Samarqand viloyatlari (1,21 trln so‘m) ham kirdi. Boshqa hududlarda ajratilgan kreditlar hajmi 1 trln so‘mdan kam bo‘lgan. Jami kreditlar hajmining 60%i birlamchi bozorga to‘g‘ri keladi.

Qariyb uchdan ikki qismi yoki 43 mingdan ortiq ipoteka krediti oluvchilar erkaklar hisoblanadi. Bundan tashqari, kreditlarning qariyb 70%i 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan, 20%i 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan hamda 11%i 50 yoshdan yuqori fuqarolarga taqdim etilgan.

Avvalroq Markaziy bank aholiga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.