Endi Toshkent aeroportining “Toshkent-3” terminaliga kirish yo‘lagidagi qoidabuzarliklar uchun jarimalar avtomatik tarzda transport egasiga yuboriladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda mahalliy aviaqatnovlar terminalining kirish yo‘lagiga o‘rnatilgan yo‘l kameralarini yo‘l harakati xavfsizligi tizimlari bilan integratsiyalash ishlari yakunlanmoqda.

15-maydan mazkur tizim avtomatik ravishda ishlashni boshlaydi va kirish yo‘lagida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan oshiq turgan haydovchilar jarimaga tortiladi.

Terminalga qisqa muddatli kirish vaqti turli toifadagi transportlar uchun quyidagicha belgilangan:

  • yengil avtomobillar uchun — 5 daqiqagacha;
  • turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun — 10 daqiqagacha.

2023-yilning 1-noyabridan Toshkent aeroporti estakadasidagi kameralar avtomatik tarzda jarima solishni boshladi. Tizim to‘xtash vaqtidan oshib ketganda va sariq chiziqda to‘xtab turilganda haydovchilarga avtomatik tarzda jarimalar belgilaydi.

Avvalroq Toshkent aeroportidagi yangi kargo terminalining qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. 2024-yil yakunigacha umumiy 8 ming kv.metr maydonda yangi yuk terminali, 500 kv.metr maydonda muzlatkich kameralari foydalanishga topshiriladi.