“Google” kompaniyasi xodimlarini ishdan bo‘shatishda davom etadi. Bu haqda “Business Insider” nashri xabar berdi.

O‘tgan haftada 1000 ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatgandan so‘ng, “Google” endi o‘zining reklama sotuvi jamoasidagi ish joylarini qisqartirmoqda.

Kompaniya bir necha kun avval ovozli yordamchilar bo‘limidagi ba’zi xodimlarni, “Pixel”, “Nest” va “Fitbit” uchun mas’ul apparat guruhlarini, shuningdek, kengaytirilgan reallik jamoasini ishdan bo‘shatgandi.

“Google” matbuot kotibi Kris Pappas “The Verge” nashriga bergan bayonotida o‘zgarishlar doirasida dunyo bo‘ylab bir necha yuz xodim qisqartirilishini tasdiqladi.

“Har yili biz reklama bo‘yicha mijozlarimizga eng yaxshi xizmatni taqdim etish uchun jamoamizni tuzishning jiddiy jarayonidan o‘tamiz”, dedi Pappas “The Verge” nashriga.

“Biz mijozlarning xizmat ehtiyojlarini qondirish uchun to‘g‘ri jamoalar va savdo kanallarini moslashtiramiz. Buning bir qismi sifatida butun dunyo bo‘ylab bir necha yuzlab lavozimlar qisqartiriladi va xodimlar “Google"dagi ochiq lavozimlarga yoki boshqa joyga murojaat qilishlari mumkin.”

“Google” 2023-yil yanvar oyida 12 ming ish o‘rni (ya'ni umumiy xodimlar sonining 6%idan ortig‘i) qisqarishini e’lon qildi.

Kompaniya yil davomida kichikroq qisqartirishni davom ettirib, jumladan, ishga yollash, yangiliklar mahsulotlari va “Waze” xaritalash ilovasidagi jamoalarni ishdan bo‘shatdi.


Avvalroq “Spot” “Pixar” animatsion studiyasi ish joylarini qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya bir qator loyihalarni yakunlashi munosabati bilan ish o‘rinlarini qisqartiradi.