“Apple” ilovalarda muqobil to‘lov usullarini joylashtirish taqiqlangani sababli 1,17 mlrd rubl miqdorida jarima to‘ladi. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.

Rossiya Federal antimonopoliya xizmati xabar berishicha, 2024-yil 19-yanvarda kompaniya monopoliyaga qarshi jarima to‘lagan.

Monopoliyaga qarshi organ “Apple"ga 2021-yil avgust oyida ishlab chiquvchilarga ilovalarda muqobil to‘lov usullarini taqdim etishga ruxsat berishni buyurdi.

Biroq kompaniya qoidabuzarlikni o‘z vaqtida tuzatmagan, shuning uchun regulyator oktabr oyida ish ochgan.

2022-yil iyul oyida Federal antimonopoliya xizmati “Apple"ni iOS ilovalari tarqatish bozoridagi ustun mavqeni suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi.

2023-yil boshida regulyator 1,17 mlrd rubl (2023-yil 17-yanvardagi kurs bo‘yicha $17 mlndan ortiq) miqdorida jarima soldi.

Shundan so‘ng, jarimaning qonuniyligi Moskva arbitraj sudi tomonidan tasdiqlandi. Amerika korporatsiyasi apellyatsiya berdi, ammo 2023-yil oktabr oyida sud uni rad etdi.

Shu bilan birga, “Apple” rossiyalik ishlab chiquvchilarga “App Store” do‘konini chetlab o‘tib to‘lovlarni ulashga faqat Rossiyadagi ilovalar uchun ruxsat berdi.

Xizmatning tushuntirishicha, App Store qoidalari iOS ilovalarini ishlab chiquvchilarga foydalanuvchilarga do‘kondan tashqarida xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, muqobil to‘lov usullaridan foydalanish haqida gapirishni taqiqlaydi.