O‘zbekistonda Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

O‘tgan yili hududlarda 2 mingta ko‘p qavatli uy-joy qurib, aholiga topshirish bo‘yicha olingan reja to‘liq bajarilmay qolgani, ya’ni 124ta uy-joy qurilishi yakunlanmagani, qurilgan uylardan 450 tasi haligacha foydalanishga topshirilmagani qayd etildi.

Bundan tashqari, uy-joyga talab yuqori bo‘lsa-da 2023-yilda 16ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagan, tuman hokimlari reja ham qilmagani tanqid qilindi.

Bosh vazirga Nukus, Qorovulbozor, Navbahor, Kosonsoy, Nurobod, Oltinsoy, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Oqoltin, Sayxunobod, Mirzaobod, Xovos, Piskent, Qo‘shtepa, Bog‘dod tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek, yig‘ilishda yangi uy-joylarning tannarxiga to‘xtalib o‘tildi. Quruvchilar uchun moliyaviy resurs yetishmasligi, bori ham qimmatligi ko‘rsatib o‘tildi.

Resurs yo‘qligi uchun quruvchilar aholi mablag‘larini poydevor quyish bosqichida jalb qilib, ulushdor sifatida rasmiylashtirayotgani, ayrim nopok quruvchilar hisobiga odamlar himoyasiz qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirgi amaliyotga muvofiq, kadastr hujjati yo‘q uyga ipoteka krediti berish mumkin emas. Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga xorijiy tajribani o‘rgangan holda Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil qilish topshirildi.

Uy-joy qurilishiga aholi ulushdor bo‘lib kirishini huquqiy tartibga solish va qurilish korxonalariga aylanma mablag‘ni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda 80 ming xonadonli 1 800ta uy-joy qurish va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 38tadan 45taga yetkazish maqsad qilib olindi.

2023-yil davomida banklar tomonidan ipoteka kreditlari uchun 16,9 trln so‘m ajratilgan. Ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 17%ga oshgan.

Avvalroq Markaziy bank aholiga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.