Avvalroq “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Jinoyat ishlari doirasida ayrim protsessual harakatlarni amalga oshirishda elektron sanksiya" berish tartibini joriy etish belgilanmoqda.

Bunda telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, tintuv o‘tkazish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish bo‘yicha harakatlar mazkur tartibda amalga oshiriladi. Biroq, davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa ma’lumotlar bilan bog‘liq ishlar bundan mustasno.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ayrim ma’lumotlarning aholiga tushunish uchun oson usulda rasmiy veb-saytida e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Xususan, davlat budjeti va mahalliy budjetlar daromadlari hamda amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan xarajatlar bo‘yicha moliyaviy hujjatlarga asoslangan yillik va yarim yillik hisobotlar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar, sohaga mas’ul boshqa vazirlik va idoralarning kiberxavfsizlik hamda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha salohiyatini oshirishda quyidagilar belgilanmoqda:

  • kiberxavfsizlik infratuzilmasi muhim elementlari hisoblangan axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada mas’ul shaxslar javobgarligini belgilash;
  • mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalarini tahdid va tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralari ko‘rish;
  • mamlakatning raqamli va harbiy-tibbiy infratuzilmasini takomillashtirish, mas’ul idoralarni texnika va tibbiyot apparaturalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash dasturini amalga oshirish;
  • fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarining himoyasini kafolatli ta’minlash, bank va to‘lov tizimlari uchun firibgarlikka qarshi va biometrik tizimlarni joriy etish.

Loyiha haqida fikr-mulohazalarni 14-fevralgacha havola orqali bildirish mumkin.

2023-yilning 11 oyida 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan 70%i bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari hisoblanadi. Prezident mamlakatdagi 50ga yaqin to‘lov tizimining hammasi ham kiberxavfsizlik talablariga javob bermasligini qayd etgandi.

Moliyaviy tashkilotlarda fuqarolar o‘rtasidagi yirik pul o‘tkazmalari ustidan nazorat joriy etiladi. Markaziy bankka onlayn xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha texnik himoya usullarini yaxshilash topshirildi.