Avvalroq raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Markaziy bankka bir oy muddatda tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan onlayn xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha texnik himoya usullarini yaxshilash topshirildi.

Xususan, antifrod tizimlarini joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatik boshqarishni ta’minlash belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bank kartalaridan foydalanish hamda yirik miqdordagi p2p o‘tkazmalarini nazorat qilish mexanizmlari joriy etiladi. Bunda qo‘shimcha biometrik va himoya choralarini qo‘llagan holda amalga oshirish topshirildi.

zamonaviy tahdidlar, bank kartalari (karta rekvizitlari) bilan, jumladan elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqilib tasdiqlanadi.

Sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Agar operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar haqidagi ma’lumotlar qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati, kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotganini ko‘rsatsa, xorijiy qabul qiluvchiga transchegaraviy pul o‘tkazish taqiqlanadi.

Qonunga xilof ravishda qimor o‘yinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi resurslar tarqatilishi taqiqlangan Internet tarmog‘i reyestriga kiritiladi.

Shuningdek, uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga raqamli texnologiyalar vositasida jinoyat sodir etilgan joy va usulini aniqlashning jinoiy va jinoyat-protsessual asoslarini takomillashtirish to‘g‘risida takliflar kiritilishi topshirildi. Bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish metodikasi tasdiqlanadi.