Raqamli mahsulotlar va xizmatlar iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi (Qaror nusxasi “Spot"da mavjud).

Hujjat bilan, 2024-yilning 1-iyulidan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, kelasi yilning 1-iyulidan to‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlariniki esa 10 mlrd so‘mni tashkil etadi.

2025-yilning 1-iyulidan boshlab to‘lov tashkilotlarining ustav fondi 20 mlrd so‘mni tashkil etishi belgilandi.

“Milliy banklararo protsessing markazi” (“Humo”) ustav kapitalidagi davlat ulushi to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish sohalaridagi vazifa, funksiya va vakolatlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (NAPP) o‘tkaziladi.

Shuningdek, Markaziy bankka bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berish vakolati berilmoqda.

Bunda majburiy ko‘rsatmalar tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilganda beriladi.

Joriy yilning iyul oyida “Humo” va “Uzcard” to‘lov tashkilotlarining integratsiyalashuvi yakunlanib, barcha tijorat banklarining bankomatlari ikkala to‘lov tizimining ham kartalarini qabul qilishni boshladi.