Oxirgi bir haftada O‘zbekistondagi axborot tizimlariga 32 mingdan ortiq kibertahdidlar uyushtirilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
UzCERT xizmati tomonidan joriy yilning 5-fevralidan 11-fevraligacha mamlakat hududidagi axborot tizimlari va resurslariga nisbatan 32 156ta kibertahdidlar aniqlandi.
Ulardan eng ko‘pi hukumatga tegishli axborot tizimlariga nisbatan uyushtirilgan bo‘lib, jami ko‘rsatkichning 52,7%ini tashkil etadi.
Shuningdek, sohalar bo‘yicha AKT (19.3%),moliya (14.2%), energetika (4.3%) hamda ishlab chiqarish (3.9%) sohalatidagi axborot tizimlariga ham kibertahdidlar sodir etilgan.
Hafta davomida uchragan zaifliklar top-5taligiga quyidagilar kiradi:
- CVE-2022−31813 — 18.5%;
- CVE-2022−22720 — 18,3%;
- CVE-2021−39275 — 16,9%;
- CVE-2021−44790 — 16,9%;
- ssl poodle — 16,2%.
Kiberxavfsizlik markazi foydalanadigan operatsion tizim va dasturiy ta’minotni doimiy yangilab borishni hamda kiberxavfsizlik talablariga rioya etishni so‘ramoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda onlayn firibgarliklarga qarshi biometrik tizimlar joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Kiberxavfsizlik infratuzilmasi muhim hisoblangan axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada mas’ul shaxslar javobgarligi belgilanadi.
Shuningdek, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov o‘tgan yili “Universalbank” va “InfinBank"dagi kiberxavfsizlikning buzilishi banklarning xavfsizlik tizimlarining aybi bilan sodir bo‘lganini qayd etgandi.