O‘zbekistonda so‘nggi olti oy ichida tajribasiz xodimlar va talabalarga ehtiyoj ikki baravar oshdi. Ushbu trend 2024 yilgacha davom etishi kutilmoqda. Bu haqida hh.uz tahlillarida keltirilgan. (“Spot"da mavjud).

Ish beruvchilar zarur ko‘nikmalarga o‘qitilishi mumkin bo‘lgan yosh ish izlovchilarga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

O‘tgan olti oyda ish stajiga ega bo‘lmagan va talaba bo‘lmaganlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 112%ga oshgan.

Agar o‘tgan yilning fevral oyida ish beruvchilar tomonidan oyiga o‘rtacha 3,7 mln so‘m taklif qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 4,6 mln so‘mni (+24%) tashkil etdi.

O‘zbekiston mehnat bozorida malakali xodimlarni jalb qilish uchun kompaniyalar o‘rtasida keskin raqobat hukm surmoqda.

Shu munosabat bilan ish beruvchilar yoshlar bilan faol muloqot qilib, talabalarga e’tibor qaratib, ularga korxonada malaka oshirish istiqbollari bilan tezroq tanishish imkoniyatini yaratishga harakat qilmoqda.

O‘zbekistonning zamonaviy mehnat bozori talaba va yosh mutaxassislarga muvaffaqiyatli ish bilan ta’minlash uchun o‘ziga xos imkoniyatlar yaratadi.

Texnologiyaning rivojlanishi, yumshoq ko‘nikmalarga e’tibor, turli xil ta’lim resurslari va ish formatidagi moslashuvchanlik martaba boshlash uchun qulay sharoit yaratadi.

Biroq, maksimal muvaffaqiyatga erishish uchun yosh nomzodlar o‘z mahoratlarini faol ravishda rivojlantirishlari kerak, kompaniyalar esa samarali o‘quv dasturlarini ishlab chiqishlari va yoshlarni kasbiy rivojlanish jarayonlariga jalb qilishlari kerak.


Avvalroq “HeadHunter” 2023-yilda masofaviy ish takliflari 75%ga oshgani haqida tahlillarini e’lon qilgandi.

Masofaviy ishchilarning o‘rtacha ish haqi umumiy darajadan biroz oshib, 6 mln so‘mni tashkil etdi.