Yanvarda Toshkentdagi o‘rtacha ta’mirlangan uylarning ijara narxi biroz pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida keltirilgan.

Xususan, o‘tgan oyda 2023-yilning dekabriga nisbatan poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi xonadonlar ijara narxlarida o‘rtacha 0,2% tushish, to‘liq ta’mirlangan uy-joylarda esa 0,5% o‘sish kuzatildi.

O‘rtacha ta’mirlangan sinfdagi 1 xonali uylar uchun taklif etilgan ijara narxlari o‘rtacha 1,2%ga pasayib, $395ni, 2 xonali xonadonlar esa 0,2%ga arzonlab $442ni tashkil etgan.

Biroq, ushbu turkumdagi 3 xonali uylarning ijara narxlari 0,1%ga ($516) hamda 4 xonali uylarning o‘rtacha ijara narxlari 0,4%ga ($597) oshgan.

mhti, narxlar, toshkent shahri, uy-joy ijarasi

Noyabrdan buyon o‘rtacha ta’mirlangan 1 va 2 xonali uylarning o‘rtacha ijara narxlari mos ravishda 1,5% ($401dan $395ga) va 2,2%ga ($452dan $442ga) tushib kelmoqda.

Yanvar oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 0,16%ga qimmatlab $477ni tashkil etdi.

Bu ko‘rsatkich 2 xonali uylar uchun 0,2%ni ($654), 3 xonali uylar uchun 1%ni ($791) hamda 4 xonali uylar uchun 0.6%ni ($915) tashkil etgan.

Avvalroq Toshkentda aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tarifi oshirilishi haqida xabar berilgandi. Issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun tarif 1 Gkal uchun 105 754 so‘m etib belgilanadi.