Toshkent shahrida aholi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari tarifi oshiriladi. Bu haqda “Veolia Energy Tashkent” matbuot xizmati xabar berdi.

8-fevral kuni Xalq deputatlari shahar kengashining ko‘p qavatli turar-joy binolarida yashovchi aholi uchun issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlariga yangi tariflarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, aholiga issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun tarif 15%ga — 1 Gkal uchun 105 754 so‘mga oshirilmoqda. 2019-yildan buyon amaldagi tarif 91 960 so‘mni tashkil etadi.

Yangi tariflar 2023−2024 kuz-qish mavsumi (isitish mavsumi) rasmiy yakunlangan kundan bir kun o‘tib kuchga kiradi.

issiqlik ta’minoti, narxlar, tariflar, toshkent shahri, veolia energy tashkent

Qayd etilishicha, o‘sish elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari hamda issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun sotib olingan issiqlik energiyasi narxlarining oshishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, yuridik shaxslar va budjet tashkilotlari uchun 2023-yilning 2-dekabridan kuchga kirgan tariflar o‘zgarishsiz qoldi.

“Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi 664 465 so‘mni tashkil etadi.

Noyabr oyida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi issiq suv ta’minoti va issiqlik energiyasi uchun tariflarni yangilashga qaratilgan tegishli qarorni qabul qilgandi.

Undan keyin, yangi narxlarni tasdiqlash bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tegishli qaror loyihasini e’lon qildi. Poytaxt hokimligi issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi.

Isitish tariflarining oldingi o‘zgarishi 2022-yilning oktabrida amalga oshirilib, faqat budjet tashkilotlariga ta’sir qilgandi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun tarifni bazaviy tarifga, aholi uchun esa 119 548 so‘mga bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.

“Veolia” va poytaxt hokimligi o‘rtasida 2021-yilda isitish tizimini boshqarish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Fransiya kompaniyasining sho‘ba korxonasi 30 yil davomida DXSh asosida issiqlik tarmog‘ini boshqaradi va sof foydaning 10%iga infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qiladi.