O‘zbekistonda naqd puldan foydalanishni qisqartirish va bir qator tovarlar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.

Qayd etilishicha, bu haqda 13-fevral kuni prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda so‘z borgan. Unda transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi islohotlar ko‘rib chiqilgandi.

Soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash maqsadida elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan prezident qarori loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Xususan, 1-apreldan quyidagi tashkilotlarni elektron to‘lov tizimlariga majburiy tartibda ulash orqali naqdsiz to‘lov tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda:

  • aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari;
  • neft va gaz mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi yuridik shaxslar;
  • mulkni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;
  • uy-joylarni aholiga sotuvchi qurilish tashkilotlari.

Shuningdek, xonadonlar uchun to‘lovlarni naqdsiz shaklda elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish, bundan tashqari, chakana va ulgurji savdoning yangi qoidalarini tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

1-apreldan naqd pulga sotib olingan tovarlarni Soliq qo‘mitasining “E-Ombor” (“E-Aktiv”) tizimi orqali kirim qilishni joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish uchun 100 mln so‘m (BHMning 300 baravari) chegaraviy miqdorni belgilash rejalashtirilgan.

Qurilish uchun yog‘och, metall (tunuka, armatura, alyumin profillar), avtomobil shinalari va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish belgilanmoqda.

2023-yilning dekabrida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgandi. Gap ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash haqida bormoqda.

Yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan YaIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilganini qayd etgandi. Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1ta ishchisini ko‘rsatgan.

Bosh prokuratura Departamenti va Hisob palatasi yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar qilib belgilandi.